Ser Jim Retkliff "Nissa"dan "MYu"ga keltirishi kutilayotgan futbolchilar. Ularning kimligini bilasizmi?

Ser Jim Retkliff "Nissa"dan "MYu"ga keltirishi kutilayotgan futbolchilar. Ularning kimligini bilasizmi?

Ha, Retkliff klubni butunlay sotib olmadi. Ammo, vanihoyat "Old Trafford"dagi qora kunlar yakuniga yaqinlashgani sezilmoqda. Retkliff va uning kompaniyasi INEOS rasman "MYu"ning 25 foiz aksiyasini sotib oldi. Ingliz oligarxining asl maqsadi, keyinchalik, baribir to‘liq nazoratni qo‘lga olish bo‘lib qolaveradi. Retkliff futbol dunyosi bilan yaxshi tanish ekanidan hammaning xabari bor. U allaqachon "Nissa" klubiga egalik qiladi. Bordiyu, shunday ekan, yaqin kelajakda bu jamoalar o‘rtasida yirik bog‘liqlik yuzga kelishi aniq. Quyida o‘sha bog‘liqlik sababli qaysi futbolchilar Fransiyadan Angliyaga yo‘l olishi haqida bilib olasiz.

Jan-Kler Todibo

Ro‘yxatni "MYu" nishonidan o‘rin egallagan futbolchidan boshlaymiz. Todibo yaqin davr ichida yarq etib porlagan futbolchilardan biri sanaladi. Yaxshi eslaydiganlar biladiki, u yaqin o‘tmishda "Barselona"ning Pikedan keyingi yulduzi sifatida qaralgandi. 2019-2021 yillar oralig‘ida Fransiya terma jamoasi a’zosi kataloniyaliklar sharafini naq 5 ta bahsda himoya qiladi. "Nissa" uni sotib olgach esa, markaziy himoyachi o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Avgust oyida "MYu" Maguayr o‘rnini ayna Todibo bilan to‘ldirmoqchi edi.

Kefrem Tyuram

Tyuram afsonaviy Lilianning o‘g‘li va zamonamiz hujumchilaridan biri, Markusning ukasi sanaladi. U allaqachon o‘z yo‘liga ega futbolchi bo‘lib yetishdi. Kefrem Tyuram o‘zining universal ekani bilan katta klublar nazariga tushdi. Hozirda "Manchester Yunayted"da yarim himoya muammosi mavjud emas. Ammo yarim himoyachi kerak bo‘lib qolsa, endi "qizil iblislar" qayerdan olishni biladi.

Marsin Bulka

24 yoshli darvozabon bu mavsumdagina asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. U hozirga qadar 17 marta maydonga tushgan edi. Ammo ilgari u zaxira vakili bo‘lgan. Shunday ekan, Bulka yetarlicha tajribaga ega emas. Polshalik posbon bu mavsumda Fransiya chempionatining eng yaxshi darvozaboni bo‘lib turibdi. U 17 ta bahsdan 12 tasini quruq o‘tkazdi. Qolaversa, Bulka 2 bor penaltini qaytara olgan. Bulkaning "Chelsi" akademiyasidan chiqqanini hisobga olsak, u uchun ingliz futboliga moslashib ketish, qiyin kechmaydi.

Terem Moffi

Moffi ingliz futboli havosidan yetarlicha nafas olgan. 24 yoshli markaziy hujumchi 17 yoshida ona vatanini tashlab chiqadi. Nigeriya terma jamoasi a’zosining Angliyada omadi kulmadi. Shu sabab u o‘z faoliyagini Litvadan boshlashga majbur bo‘lgan. Belgiyada bir muddat bo‘lgan qahramonimiz, so‘nggi uch yilda Fransiyada harakat qilmoqda. Bu vaqt ichida Moffi "Loryan" va "Nissa" sharafini himoya qildi. Hozirda Moffi uchun "PSJ" qiziqish bilan qaramoqda. "MYu" esa Xyoylunnga raqobatchi sifatida uni sotib olishni o‘ylab ko‘rishi kerak.

ISMATOV J.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!