Samarqandlik ona o‘g‘lining jinoyati uchun IIB xodimiga pora taklif qildi

Samarqandlik ona o‘g‘lining jinoyati uchun IIB xodimiga pora taklif qildi

Olingan tezkor ma’lumotga asosan 26 avgust kuni Samarqand tumani IIB JQB xodimlari fuqaro I.ning yashash uyi va yordamchi xo‘jaliklarida o‘tkazgan tintuv tadbiri davomida bir dona rangsiz sellofan bo‘lakchasiga qadoqlangan, sof og‘irligi 0.22 grammga teng «Gashish» giyohvandlik vositasini aniqlab, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati yozmoqda. 

Tadbir vaqtida fuqaro I. yashash uyidan noma’lum tomonga qochib ketgan.

Shu kuni soat 19:00 larda Samarqand tumani IIB xodimining oldiga o‘zini gumon qilinuvchi I.ning onasi deb tanishtirgan Z. kelib, o‘g‘lining xonadonidan giyohvandlik vositasi topilganligi, bu ishni pul evaziga ijobiy hal qilib berishni so‘ragan.

IIB xodimi ayolga giyohvandlik vositalari bilan muomala qilish jinoyat ekanligi, bu holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilganligini, o‘g‘lini tergov harakatlariga jalb qilish uchun olib kelishini aytishiga qaramasdan, o‘g‘lining ishini hal qilib berishini, buning evaziga qo‘l barmoqlari yordamida uch raqamini ko‘rsatib, 3.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishni taklif qilgan.

Xodim fuqaroning bu harakati noqonuniyligi, pora berish, olish, olish-berishda vositachilik qilish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramasdan fuqaro Z. 3000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni 27 avgust kuni soat 10:00 da olib kelishini aytib, chiqib ketgan.

Tuman IIB xodimi viloyat IIBga bildirgi bilan murojaat qilib, yuqoridagi holatni bayon qilgan.

Mazkur bildirgiga asosan, 2020 yil 27 avgust kuni IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Z. o‘g‘li I. tomonidan sodir etilgan jinoyat bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga IIB xodimiga xizmat xonasida 4000 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand tuman prokuraturasi tomonidan Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!