Samarqanddagi Sherdor madrasasining fasadi AQSh ko‘magida qayta tiklanadi
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Samarqadning Registon maydonidagi Sherdor madrasasida konservasiya va restavrasiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qo‘llab-quvvatlaydi, deya xabar bermoqda vakolatxona matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, elchixona uni amalga oshirishda Madaniy meros agentligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qiladi. 500 000 dollar miqdordagi mazkur tashabbusni Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) texnik tomondan qo‘llab-quvvatlaydi.
Madaniy meros agentligi IICAS ko‘magida Sherdor madrasasi fasadi konservasiya va restavrasiyasini mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiradi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi.
Loyiha hamkorlari agentlikni dunyoning yetakchi olimlari bilan bog‘lashadi, madaniy merosni saqlash uchun zarur hujjat va resurslarga ega bo‘lish imkonini yaratishadi hamda loyiha davomida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalarni keng tarqatishda yordam berishadi, deyiladi xabarda.
Agentlik taqdim etgan loyiha butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan saralash bosqichida tanlab olinib «bu yil uchun eng katta, tanlov tarixida esa O‘zbekiston uchun eng yirik summani» tashkil etadi. Grant AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi (AFCP) O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlayotgan 14-loyiha hisoblanadi.
«Ushbu sa’y-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bu muhim yodgorlikni asrab qolish va O‘zbekistonning madaniy merosini himoya qilishga katta hissa qo‘shadi», — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.
Hozirgacha O‘zbekistonda AFCP yordamida umumiy qiymati 1 350 000 dollar bo‘lgan xilma-xil loyihalar amalga oshirilgan. Bu galgi yangi loyiha 2023 yilda O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha imzolangan ikki tomonlama kelishuvda ko‘zda tutilgan maqsadlarga hamohangdir, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2001 yilda AQSh Kongressi tomonidan tashkil etilib, AQSh Davlat departamenti boshqaradigan Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida madaniy yodgorliklarni, madaniy ob’ektlar va to‘plamlarni hamda an’anaviy madaniy me’rosni saqlashga doir loyihalarga bevosita grantlar taqdim etadi.
2024 yilgi global grantlar tanloviga 71 mamlakatdan 149 ta madaniy merosni saqlash loyihasi taqdim etilgan.