Sakkizta modda bilan ayblanib 12 yilga qamalgan Toshkent shahar IIBB xodimi oqlandi

Sakkizta modda bilan ayblanib 12 yilga qamalgan Toshkent shahar IIBB xodimi oqlandi

Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, terrorizmga va uning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘limining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tezkor vakili bo‘lib ishlagan Aydarov Arman Agzamxanovich Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2009 yil 30 oktyabr kungi hukmiga ko‘ra, JKning 206-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari, 205-moddasi 2-qismi “a, b, v” bandlari, 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari, 109 moddasi 2-qismi, 235-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari, 234-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 2411-moddasi bilan, JKning 59, 61-moddalari tartibida, uzil-kesil 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

“Jahon.uz” internet nashriga huquqni muhofaza qiluvchi organlarlagi ishonchli manba taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassasiya instansiyasining 2011 yil 23 martdagi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgartirilib, aybidan JKning 109-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari, 205-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “b” bandi va 235-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari chiqarilgan, harakatlari JKning 206-moddasi 2-qismi “b, v” bandlaridan, shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilingan holda shu modda bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, JKning 59, 61-moddalari tartibidagi jazo 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2018 yil 5 iyuldagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassasiya instansiyasi 2011 yil 23 martdagi ajrimining A.Aydarovga oid qismi bekor qilingan va jinoyat ishi yangidan kassasiya instansiyasida ko‘rish uchun yuborilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, M.Atayarov, Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, terrorizmga va uning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tezkor vakili kapitan A.Aydarov, shu bo‘lim agentura ta’minoti bo‘linmasining tezkor vakili kapitan SH.Gulyamov va boshqa shaxslar bilan uyushgan guruhda, 2009 yil 25 mart kuni soat 11:00 da juda ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish maqsadida, Yakkasaroy tumanidagi 1-sonli notarial idora oldida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi TIFMB Yakkasaroy tuman filialidagi valyuta ayirboshlash shaxobchasi oldiga borib, u yerda fuqarolik kiyimida bo‘lgan milisiya xodimi SH.Gulyamov jinoiy rejaga asosan I.Xadjamberdiyevni noqonuniy ravishda ushlab, qo‘lini orqaga qayirgan holda kishan solgan. SH.Gulyamov I.Xadjamberdiyevga uning nima uchun ushlaganligini, u nimada gumon qilinayotganligini va uni huquqlarini tushuntirmay, unga tegishli “Neksiya” rusumli avtomashinasiga qo‘lida kishan bo‘lgan o‘tkazishgan.

I.Xadjamberdiyev avtomashinasining ruliga jinoiy guruh a’zosi, boshqa shaxs o‘tirgan, I.Xadjamberdiyevning yoniga tezkor vakil D.Mamadaliyev o‘tirgan va ular I.Xadjamberdiyevni Toshkent shahar IIBBga olib borishgan.

Ular hujjatlarni qalbakilashtirib, soxta hujjatlar tuzib, uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab, uni qamash bilan qo‘rqitib, 10.000 AQSh dollari evaziga ishni tinchitish mumkinligini aytib, 10.000 AQSh dollari olib kelishini talab qilib, undan shaxsiy tintuv vaqtida olib qo‘ygan pullarini qaytarib berganligi haqida tilxat yozdirgan va uni qo‘yib yuborishgan.

Fuqaro qo‘rqqanligi uchun shu kuni soat 15:00 larda IIBBga qaytib kelib, IIBBda M.Atayarov tovlamachilik bilan talab qilgan 10.000 AQSh dollarini bergan. .Atayarov tovlamachilik bilan qo‘lga kiritgan 10.000 AQSh dollarini uyushgan guruh a’zolari bilan o‘rtalarida o‘zaro taqsimlab olishgan.

Advokat A.Tomakov shikoyatida, A.Aydarovning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli uni oqlashni so‘ragan.

Chunki, kassasiya sud majlisida so‘roq qilingan A.Aydarov dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalarini tasdiqlamay quyidagilarni, ya’ni haqiqatdan ham Toshkent shahar IIBB tezkor vakili lavozimida ishlagan vaqtida bo‘lim boshlig‘i S.Yulchiyevning topshirig‘i bilan, M.Atayarovning ma’lumotiga ko‘ra tadbirga chiqqanligini, M.Atayarov tadbirga boshchilik qilganligini va SH.Usmanov va I.Xadjamberdiyevlarni qidiruvdagi shaxs sifatida gumon qilib ushlaganliklarini, SH.Gulyamov bilan birga SH.Usmanovning avtomashinasida SH.Usmanov va I.Xadjamberdiyevlarni Toshkent shahar IIBBga olib borishganligini, avtomashinani u boshqarganligini, biroq u SH.Usmanov va I.Xadjamberdiyevlarga nisbatan hech qanday kuch ishlatmaganligini, qo‘liga kishan solmaganligini, ularni M.Atayarovning xizmat xonasiga olib kelganligini va o‘zining boshqa ishlari bilan shug‘ullanganligini, ulardan pul talab qilmaganligini, biror-bir tergov-surishtiruv ishlarini olib bormaganligini, jinoyatga uning dahli yo‘qligini, dastlabki tergovda unga nisbatan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilgani sababli aybiga iqror bo‘lganligini bildirib ko‘rsatma bergan.

Sudlov hay’ati A.Aydarovning jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida o‘z isbotini topmadi deb hisobladi va uning sodir etilgan jinoyatga dahli bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishining A.Aydarovga oid qismini bekor qilib, uni JPKning 83-moddasi 3-qismiga asosan aybsiz deb topishni va reabilitasiya qilishni lozim topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi 2009 yil 30 oktyabr kungi hukmining Aydarov Arman Agzamxanovichni O‘zbekiston Respublikasi JKning 206-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari, 205-moddasi 2-qismi “a, b, v” bandlari, 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari, 109-moddasi 2-qismi, 235-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari, 234-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 2411-moddasi bilan aybdor deb topish qismini bekor qildi.

Aydarov Arman Agzamxanovichning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi sababli, u O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 3-qismiga asosan aybsiz deb topildi va reabilitasiya qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!