Ruminiya rossiyalik delegatlarga viza bermadi

Ruminiya rossiyalik delegatlarga viza bermadi

Ruminiya Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) parlament assambleyasining (PA) 29 iyundan 3 iyulgacha Buxarestda bo‘lib o‘tadigan yillik sessiyasida ishtirok etish uchun Rossiya delegatlariga viza berishdan bosh tortdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Rossiya kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi Grigoriy Karasinning so‘zlariga ko‘ra, “Ruminiya Tashqi ishlar vazirligidan nota” qabul qilingan. Unda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi sababli Rossiya delegasiyasi a’zolaridan birortasiga vizalar yoki mamlakatga kirish uchun ruxsat berilmasligi ma’lum qilingan.

Rossiya delegasiyasi assambleyaning bir necha sessiyalarida qatnashmagan

Rossiya delegasiyasi avvalroq YXHT PAning kamida ikkita sessiyasida — 2023 yil kuzida Yerevanda va 2024 yil qishda Venada o‘tkaziladigan sessiyalarida ishtirok etishdan bosh tortgan. 2022 va 2023 yillarda Buyuk Britaniya va Kanadada bo‘lib o‘tgan assambleyalarda rossiyalik parlamentariylar viza olish bilan bog‘liq muammolar tufayli qatnashmagan.

YXHT PA Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olgan

2023 yil iyul oyida YXHT Parlament assambleyasi deklarasiya qabul qilib, “Vagner”ni moliyalashtirgani sababli Rossiyani terrorizmning homiysi deb topdi.

“Ba’zi parlamentariylar jinoiy tajovuzning sheriklaridir", — dedi assambleya prezidenti Margareta Sederfelt.

Shuningdek, u rossiyalik hamkasblarini fuqarolik huquqlari, ommaviy axborot vositalari erkinligi va adolatli saylovlarga putur yetkazayotganlikda tanqid qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!