Rasman: Erdo‘g‘an Xoshxojiyning o‘ldirilishi yuzasidan barcha tafsilotlarni ochiqladi

Rasman: Erdo‘g‘an Xoshxojiyning o‘ldirilishi yuzasidan barcha tafsilotlarni ochiqladi

 

Bugun, 23 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an jurnalist Jamol Xoshxojiyning o‘ldirilishi yuzasidan barcha haqiqatni ochiqladi.
 
Davlat rahbari o‘z boshqaruvidagi Adolat va taraqqiyot partiyasining majlisida mazkur bayonotni berdi.
 
“Dastlab, joriy yilning 28 sentyabr kuni Jamol Xoshxojiy Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligiga nikoh hujjatlarini rasmiylashtirish uchun bordi. Mazkur tashrifdan keyin uni o‘ldirish rejalari tuzildi.
 
1 oktyabr kuni uchta saudiyalik fuqaro Istanbulga kelib, konsullikka kirdi. Boshqa bir konsullik jamoasi esa Istanbulning Belgrad o‘rmoniga borgan.
 
2 oktyabr kuni esa 15 kishilik guruh keldi. Shundan so‘ng konsullik videokameralari ishlashdan to‘xtatib qo‘yildi.
 
Shu kuni jurnalist konsullikka tashrif buyurdi va u yerdan qaytib chiqmadi. Buni Turkiya polisiyasi xavfsizlik kameralarini tekshirgandan keyin aniqladi.
 
Shundan so‘ng, Istanbul Bosh prokuraturasi tergovni boshladi. Prokuratura Xoshxojiyning konsullikka kirishidan oldin 15 nafar saudiyalik razvedka xodimlarini Istanbulga kelib, konsullikka kirganini aniqladi.
 
Turkiyani tark etishdan oldin, ulardan biri jurnalistning kiyimlarini, ko‘zoynagi va soqolini yechib Xoshxojiy kabi ko‘rinishga harakat qilgan.
 
Saudiya Arabistoni 4 oktyabr kuni mazkur qotillikni rasman rad etdi. Saudiya Arabistoni konsulligi biz masalani xalqaro ommaviy axborot vositalarining kun tartibiga qo‘yganimizdan keyingina konsullik binosini tekshirishimizga ruxsat berdi.
 
Men 14 oktyabrda qirol Salmon bin Abdulaziz bilan gaplashdim va birgalikda tergov guruhini tuzdim. Bizning amaldorlar konsullik va konsulning yashash joyiga shu tarzda kirishlari mumkin bo‘ldi. Men konsulning pozisiyasidan shikoyat qildim va u Saudiya hukumati tomonidan chaqirib olindi.
 
Saudiya Arabistoni qotillikdan 17 kun o‘tgach, Xoshxojiyning konsullikda o‘ldirilganligini tan oldi. Men qirol Salmon bilan yana bir marotaba telefon orqali gaplashdim. Ular bizga 15 kishidan iborat jamoa vakillari hibsga olinganini aytishdi.
 
OAV orqali Turkiyaning obro‘sini tushirish uchun qilingan kampaniyalarni kim o‘tkazganini ham yaxshi bilamiz.
 
Saudiya konsulligining diplomatik immunitetga ega ekanligi unutilmasligi kerak, albatta. Ammo u bizning chegaralarimiz ichidadir. Bunday qotillikdan biz u yerni tekshirishimiz kerak edi.
 
Hozirgacha kelgan ma’lumot va dalillar Xoshxojiyning shafqatsiz qotillik qurboni bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.
 
Saudiya Arabistoni qotillikni tan olib muhim qadam tashladi. Endi ulardan qotillikda ishtirok etgan barcha odamlarni jazolashni kutamiz. Bizda qotillik tasodifiy emas, qasddan uyushtirilganini isbotlovchi asosli dalillar bor.
 
Nima uchun bu 15 kishi bir-biri bilan Istanbulda qotillik kuni uchrashgan? Bunga ularni kim buyurgan? Nima uchun ular konsullik binosini tekshirishimizga darhol ruxsat berishmadi?
 
Barcha jinoyatchilar va fitnachilar jazolanishi kerak.
 
Qirol Salmon bin Abdulaziz samimiyligiga shubha qilmayman. Biroq, bu siyosiy qotillik bo‘lgani uchun, uni mustaqil ravishda tekshirish va sudni o‘tkazish kerak. Gumonlanuvchilarning boshqa mamlakatlardagi sheriklari ham tergovga kiritilishi kerak.
 
Saudiya Arabistoniga qo‘ng‘iroq qilaman: bu Istanbulda sodir bo‘ldi. Ushbu 18 gumondor ustidan Istanbulda sud o‘tkazilishini taklif qilamiz. Albatta, sudning qayerda o‘tkazilishi Saudiya hukumati tomonidan hal qilinadi”, degan Turkiya prezidenti o‘z nutqida.

Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!