Qo‘shnilar qozisi

Qo‘shnilar qozisi

Bir qishloq ahli har juma, juma namozidan keyin yig‘ilishga odatlanishgan edi. U majlisda kimning kimda bir haqi bo‘lsa “Qo‘shnilar qozisi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bir qozi ularning orasida hukm qilardi.

Oradan juda ko‘p vaqtlar o‘ttiki hech kim bir shikoyat bilan bu qoziga murojaat qilmadi. Bu qishloq ahlining har biri o‘z haq-huquqlarni bilib olishdi. Baxt mana shu haq-huquqlarga rioya qilishlikka bog‘liq ekanligini tushunib yetishdi va bu holat to boshqa bir qishloqdan bir odam ko‘chib kelgunga qadar davom etdi.

U notanish kishining ustidan shikoyatlar ko‘payib, qo‘shnilari uning hayot tarzidan norozi bo‘la boshlashdi.

U inson esa nega odamlar undan rohatsiz bo‘layotganini va undan tobora nafratlanayotganlarini hech tushuna olmasdi.

Kunlarning birida qozi qishloqqa qaytdi, qarasa insonlar yangi kelgan musofirdan qattiq g‘azabda. Ular qozidan odatga teskari o‘laroq jumadan oldin mahkama qilishini talab qilishdi.

Qozi rozi bo‘ldi, musofir ham keldi, qishloq ahli ham yig‘ildi.

Qozi u odam ustidan tushgan shikoyatlarning ko‘pligidan o‘ziga-o‘zi: “menimcha bu musofir odam o‘ldirgan, o‘g‘irlik qilgan va insonlarning obro‘siga putur yetkazgan shekil, nima bo‘lganda ham har ikki tomonni eshitmasdan turib hukm chiqara olmayman” dedi.

Birinchi shikoyatchi chiqdi: “Ey muhtaram qozi, bu qo‘shnim mening haqimga rioya qilmaydi!”.

Musofir dahshatga tushdi, u qachon qo‘shnisiga zulm qilganini yoki haqini yeganini eslolmasdi…

Qozi: “Nima qildi u?”
– Men undan bir og‘ir yukimni ko‘tarib yuborishi uchun yordam so‘rasam, g‘alati qarab uyiga kirib ketdi…

Qozi: “Bu birinchisi, yana nima?”
Boshqa shikoyatchi: “Men undan qarz so‘ragandim bermadi?!”

Qozi: “Yana bormi shikoyat? Sen (musofirga qarab) bularni eslab qolgin!”

Yana bir shikoyatchi: “Bir hafta kasal bo‘ldim, ko‘rgani kelmadi, o‘g‘lim muvaffaqiyat qozondi, xursandchiligimga sherik bo‘lmadi, otam o‘ldi, kelib ta’ziya bildirmadi, musibatimga sherik bo‘lmadi, birga ko‘mishga bormadi…”

Qozi: “Yana boshqa shikoyating bormi?”

– Boshqa aytadigan gapim yo‘q, qilmagan ishiga tuhmat qilishni xohlamayman.

Qozi: “Alloh sendan rozi bo‘lsin, insonlarga qilmagan ishlari bilan tuhmat qilish Allohning g‘azabini keltiradi”.

Qozi musofirga qarab: “Qo‘shningni aytayotgan gapi tug‘rimi?”

Musofir: “Ey muhtaram qozi to‘g‘riku, lokin man unga zulm qilmadim, uni urmadim, uning uyiga iznisiz kirmadim, bog‘idagi bironta daraxtning shohini kesmadim, undan qarz olmadimki uni to‘lamay cho‘zib yursam, qanday qilib men uning haqiga rioya qilmayman?!”

Qozi: “Sening aytgan gaplaring yaxshi, lekin qo‘shniga zulm qilmaslikning o‘zi yetmaydi va bu ularga yaxshilik qilish deganini ham anglatmaydi. Ba’zan ular yordamga yoki pulga muhtoj bo‘lishadi, qachonki sen ularga yordam bermasang yoki qarz berishdan bosh tortsang, ularga qiyinchilik-tangchilik yaratgan bo‘lasan. Sen shunga rozimisan?!”

Musofir: “Albatta yo‘q…”.

So‘ngra qozi boshqa bir shikoyatchini shikoyatini eshitish uchun chiqib gapirishiga izn berdi.

Yoshi anchaga borib qolgan bir otaxon chiqdi:
– Ey muhtaram qozi, sizdan iltimos qilaman menga bu qo‘shnimning ozorlaridan qutilishimga yordam bering, u ertayu-kech menga ozor beradi, mening hayotimni barbod qildi, farzandlarimni menga teskari qilib qo‘ydi, uyimdan barakani qochirdi.

Musofir odam otaxonning gapidan hayratda qoldi, u otaxonni haftada bir marotaba yo ko‘rardi yo ko‘rmasdi, u otaxonning hayotiga aralashganini, farzandlari bilan gaplashganini eslolmasdi ham.

Qozi musofirga qarab: “Shu gaplar to‘g‘rimi?” deb so‘radi.

Musofir: “Ey muhtaram qozi, bu otaxoning gaplarini umuman tushunmadim, qo‘llarida dalillari bor ekanmi?!”

Qozi: “Otaxon dalilingiz bormi?”

– Ha muhtaram qozi, bu odam mendan quyosh va havoni to‘sib qo‘ydi…
– Qani dalilingiz?
– Quyosh va havoning Robbisi kim?
– Hamma narsani yaratgan Alloh taolodir.
– Nega unda bu odam mendan bularni to‘sib qo‘yadi?!
– Qanday qilib…?
– U uyini baland qilib qurib olgan, mendan iznsiz devorlarini ham baland qilib qurgan. Mening faqirona uyimdan quyosh nurini va yoqimli shamollarni to‘sib qo‘ygan.

Qozi: “Ey otaxon, yana nima shikoyatingiz bor?”

Otaxon ko‘zlari yoshga to‘lib: “U menga faqirligimni va muhtoj ekanligimni bildirib ozor beradi”.

– Qanday qilib?
- U kabob pishiradi, pishirgan kabobining hidi hammayoqqa taraladi, natijada bizning yegimiz keladi va qo‘limizdagi ozgina ovqatga sabr qilamiz. U hech ham, biz ham unga o‘xshagan odam ekanimizni eslamaydi. Biron marotaba pishirgan narsasidan berishni o‘ylamaydi.

Qozining yuzida hafagarchilik alomati ko‘rindi, o‘sha yerda hozir bo‘lganlar ta’sirlandi va haligi musofir esa otaxonni gapidan yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi.

O‘sha yerdagilarning ko‘zlari musofirga qaratildi, musofirning yuzlari esa hijolatdan qizarib ketgandi.
Otaxonning ikki ko‘zi yoshga to‘lgan edi…

Qozi musofirga qarab: “Qo‘shni otaxonning gaplari to‘g‘rimi?”

Musofir past ovozda: “Ha to‘g‘ri, men qilgan ishimdan Allohga istig‘for aytaman…”

Qozi: “Sening ustingda shariat belgilab bergan juda ko‘p qo‘shni haqlari bor. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam doimo qo‘shniga yaxshilik qilishga buyurardilar...

Endi (yaxshilik qilish u yoqda tursin) qo‘shnining haqlarini buzayotgan odam haqida nima deysan…?!”

Qissadan hissa hozirgi zamonamizda qo‘shnilar haqqi juda ko‘p poymol etilyapti, qo‘ldan kelgancha yomonlik qilish, zulm qilish, eng kamida g‘iybat qilish holatlari ko‘p uchraydi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Uning yomonliklaridan qo‘shnilari omonda bo‘lmagan kimsa jannatga kirmaydi” deb marhamat qilganlar... (Muslim rivoyati)

Abdulloh Kamol sahifasidan,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!