Qozog‘iston – islomiy moliya bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi

Qozog‘iston – islomiy moliya bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston islom moliyasidan foydalanish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi. Mintaqadagi barcha islomiy moliyaning 68 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, deya xabar qildi "Anadolu" agentligi.

Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi raisi o‘rinbosari Oljas Kizatov mamlakatda islomiy moliya sektori sezilarli rivojlanishi kutilayotganini aytdi.

“Islomiy moliyani rivojlantirish uchun klassik banklar tomonidan yaratilgan islomiy darchalar doirasida operasiyalarni amalga oshirish va islom bankini an’anaviy bankka aylantirish imkoniyatini yaratishni rejalashtirmoqdamiz”, - deya tushuntirdi u.

Kizatovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda mamlakatda ikkita islom banki faoliyat yuritmoqda.

Islom taraqqiyot banki instituti bosh direktori v.b. doktor Sami Al-Suvaylim so‘nggi 30 yil ichida jahon hamjamiyati duch kelgan yirik iqtisodiy inqirozlarga e’tibor qaratdi.

“Bu inqirozlar hukmronlik qilayotgan moliya tizimida jiddiy muammolar va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Shuning uchun odamlar g‘arbdan sharqqa qadar hamma joyda muqobil yo‘l izlamoqda. Bu dunyoda islomiy moliyaga qiziqish ortib borayotganining muhim sabablaridan biridir”, dedi u.

Al-Suvaylim islom moliyasining Markaziy Osiyo mintaqasiga qo‘shgan hissasini qayd etdi.

“Islom moliyasining asosiy maqsadlaridan biri qashshoqlikka qarshi kurashish va real iqtisodiyotga xizmat qilishdan iborat. Markaziy Osiyo mamlakatlari ko‘plab sohalarda katta resurslar va salohiyatga, iqtisodiy imkoniyatlarga ega. Shuning uchun biz islomiy moliya mintaqaga o‘z resurslaridan foydalanishga, salohiyatni ochishga va mintaqada barcha uchun farovonlik yaratishga yordam beradi, deb ishonamiz”, — dedi u.

Hamkorlik moliyasi deb ham ataladigan islomiy moliyaning ulushi 2024 yil boshida jahon bozorida 4 trillion dollarga, jahon bank sektoridagi aktivlar esa 2 foizga yetdi.

Evroosiyo taraqqiyot banki (ETB) tomonidan e’lon qilingan hisobot ma’lumotlari ham bundan dalolat beradi.

Hozirda islom banklari 40 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. Islomiy moliya sektori Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Janubi-Sharqiy Osiyoda, shuningdek, Yevropa va Shimoliy Afrikada faol rivojlanmoqda.

Evropada Britaniya halol moliyalashtirish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Bu yerda islom banki aktivlari hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston kabi mamlakatlarda esa islomiy moliya sektori endigina paydo bo‘lmoqda.

Bu mamlakatlarda islom moliyasining ulushi 0,2 foizdan 1,5 foizgachani tashkil etadi, biroq ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida islomiy moliyani rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, kelajakda bu sektor o‘sishini ta’kidlamoqda.

Evropa taraqqiyot banki direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari Ruslan Dalenovning "Anadolu" agentligiga ma’lum qilishicha, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2027 yilda islom moliyasining dunyodagi ulushi 6,7 trln dollargacha oshadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!