Qashqadaryolik fermer qaynukasi tomonidan urib o‘ldirildi

Qashqadaryolik fermer qaynukasi tomonidan urib o‘ldirildi

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi fermer qaynukasi tomonidan urib o‘ldirildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, voqea Koson tumanining «Toshko‘prik» mahallasida sodir bo‘lgan.

Voqea haqida xabar bergan viloyat IIB axborot xizmati voqea sodir bo‘lgan paytga aniqlik kiritmagan. Biroq Ichki ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, bu haqdagi muhokama 2021 yilning 5 iyul kuni bo‘lib o‘tgan.

Qayd etilishicha, fermer qaynukasi Furqatni yollanma ishchi sifatida jalb qilib, dalasiga g‘alla ekkan va uning mehnatidan foydalangan. G‘alla pishib yetilgach, davlatga belgilangan reja topshirilgan. Ammo rejadan ortiqcha g‘alla chiqmagani bois fermer xo‘jaligi g‘allasiz qolgan. Kelishuvga ko‘ra, g‘alla olishi kerak bo‘lgan qaynuka ham g‘allasiz qolgach, fermer pochchasidan somon so‘ragan. Pochcha esa somon berishni ham rad qilgan.

Bundan g‘azablangan qaynuka oldingi kelishmovchilik va mehnati uchun somon berishni rad etgan pochchasini avtomobil nasosi bilan urib o‘ldirgan.

2021 yilning 5 iyul kuni mazkur jinoyat muhokamasida so‘z olgan viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Sotvoldiyev marhum va qotil o‘rtasida avvaldan kelishmovchilik bo‘lganini, ular bir necha marotaba qarindoshlari tomonidan yarashtirilganini, biroq masalaga MFY mas’ullari e’tibor qaratmaganini tanqid qilgan.

«Bunday salbiy holatlar qayta takrorlanmasligi uchun mahallaning mas’ul mutasaddilariga xizmat tekshiruvi tayinlanib, ogohlik va hushyorlikni oshirishi lozimligi qayd etildi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan sektor rahbarlari qattiq ogohlantirilib, mas’ul mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi», — deyiladi vazirlik saytidagi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!