Pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi

Pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi

Yangi yil yaqinlashgani sayin odamlarda pirotexnika vositalarga bo‘lgan qiziqish kuchayadi. Bu, garchi taqiqlangan bo‘lsa-da, pirotexnika vositalari savdosi paydo bo‘lishiga olib keladi.

Shu kunlarda yon-atrofda pirotexnika vositalari faol ishlatilayotgani, ya’ni paqildoqlar ovozi ko‘payib qolgani kuzatilmoqda. Eng yomoni, ushbu vositalarning farzandlarimiz sog‘lig‘iga, hayotiga xavf tug‘dirishidir.

Pirotexnika vositalari savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda, yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayramini tinch-osoyishta o‘tkazish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Ushbu savollarga javob topish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qutbiddin Burhonov bilan suhbatlashdi.

- Pirotexnika vositalari savdosidek noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarni bozorlar, savdo rastalari, do‘konlar, ta’lim muassasalari va boshqa aholi gavjum bo‘lgan joylarda uchratish mumkin, - deydi Q.Burhonov. - Bejiz buni noqonuniy, deb atayotganimiz yo‘q. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 25 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizasiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizasiya qilish bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash to‘g‘risida” gi Nizom tasdiqlangan.

Ushbu Nizomda pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizasiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizasiya qilish bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash tartibi belgilangan. Tekshirishlar chog‘ida bunday buyumlarni olib kirish, saqlash, realizasiya qilish, ya’ni sotish bilan shug‘ullanayotganlarning birortasida ham ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun lisenziya yo‘qligi aniqlandi.

Qonun hujjatlarida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishni lisenziyalash bejiz ko‘zda tutilmagan. Chunki pirotexnika mahsulotlarining tarkibini portlovchi va yonuvchan xavfli moddalar tashkil qiladi. Ayniqsa, salyutlar, ya’ni mushakbozlik uchun mo‘ljallangan, rangli, ovozli, tutunli va boshqa pirotexnika vositalari alangaga o‘ta ta’sirchan bo‘ladi. Ular ishlatilganda yonish harorati 3000 darajagacha yetishi mumkin. Pirotexnika mahsulotlarining ishlatilishi fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradi. Bundan tashqari, yong‘in kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi.

Aksariyat holatlarda ushbu buyumlarni o‘smirlar va yosh bolalar sotib olib, ko‘chalar va boshqa jamoat joylarida to‘satdan portlatishadi. Buning oqibatida yo‘lovchilar, ayniqsa keksalar cho‘chib ketishadi, ularning asabi buziladi. Ba’zi paytlarda esa tan jarohati olish, yong‘in kelib chiqishi, hatto boshqalarning o‘limi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ham yuz berishi mumkin. Vaholanki, pirotexnika buyumlarini sotuvchilar buni, qolaversa mazkur yuqori potensial xavfga ega bo‘lgan vositalar birinchi navbatda ularni ishlatuvchi bolalar va o‘smirlar uchun jiddiy tahdid tug‘dirishini yaxshi bilishadi. Shunga qaramasdan o‘zlarining moddiy manfaatlarini boshqalarining sog‘lig‘i, hatto hayotidan ustun qo‘yishadi.

- Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun qanday javobgarlik ko‘zda tutilgan?

- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasiga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksining 2501-moddasida esa bunday qilmishlar sodir etganlar uchun uning kim tomonidan sodir etilgani va qanday oqibatlarga olib kelganligiga qarab turli jazo choralari, jumladan, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, 2010 yil 22 sentyabrdagi “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining ushbu sohaga oid bir nechta qarorlari asosida ichki ishlar organlari tomonidan mutasaddi davlat organlari, turli tashkilotlar ma’muriyati va jamoatchilik faollari bilan hamkorlikda bojxona va sertifikatlashtirish muolajalaridan o‘tkazilmagan sifatsiz pirotexnika vositalarining respublikamizga olib kirilishiga, mamlakat ichkarisida saqlanishi, sotilishi va ishlatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadlarida kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

- Profilaktik tadbirlarda qanday holatlar ko‘proq uchramoqda va ularni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

- Qonun hujjatlari talablarini amaliyotga tatbiq etish va qonunbuzarlarga nisbatan o‘rnatilgan javobgarlik choralarini ko‘rish maqsadida 8 ming 215 nafar xodimlar va jamoatchilik vakillaridan iborat 717 maxsus guruh tuzilgan. Ushbu guruhlar tomonidan hozirgi kunga qadar 6 mingga yaqin reyd va tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Natijada pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab holatlar aniqlanib, to‘rtta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 110 holat bo‘yicha huquqbuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Misol uchun, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbir paytida poytaxtimizda yashovchi fuqarolar D.A., T.J. hamda A.R. 17 dona jami 2 million 850 ming so‘mlik pirotexnika vositalarini noqonuniy saqlab kelayotganliklari aniqlanib, tegishli tartibda olib qo‘yilgan. Ushbu holat yuzasidan ularga Jinoyat kodeksining 2501-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sudning hukmi bilan aybdorlarning har biriga eng kam ish haqining 15 foizini davlat foydasiga ushlab qolish sharti bilan ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jizzax shahrida yashovchi R.A.ning yonidan 1 quti pirotexnika buyumlari olindi. Ushbu holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning1851-moddasiga muvofiq chora ko‘rish uchun Jizzax shahar ma’muriy sudiga taqdim etildi. Sud tomonidan R.A.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Ko‘shk qishlog‘ida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan M.A. o‘z uyida yashirincha pirotexnika buyumlarini sotayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotga asosan o‘tkazilgan tadbirda 300 ta blokda jami 3000 quti, ya’ni 15 million so‘mlik pirotexnika buyumlari borligi aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Shu yil 3 dekabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Pirotexnika” tadbiri chog‘ida poytaxtimizning Mirobod tumani Qo‘yliq ota ko‘chasida 1966 yilda tug‘ilgan M.L. yonida bo‘lgan sumkasida har xil turdagi jami 1532 dona pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlandi. Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ayol bu vositalarni sotish bilan shug‘ullanishiga iqror bo‘ldi. Ushbu ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborildi.

Ayniqsa, quyidagi misol kishini tashvishga soladi. Toshkent viloyati Toshkent tumani Keles shahridagi 10-sonli umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi joriy yilning 27 noyabr kuni maktabda pirotexnika vositalari sotayotgani ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlangan. Uning sumkasi ko‘zdan kechirilganida, 60 dona pirotexnika vositasi topilgan. Nahotki, bolaning ota-onasi bundan bexabar bo‘lsa? Yoki ularning o‘zi o‘g‘lini shu ishga undaganmi?

Aholi pirotexnika vositalarining zararli oqibatlari haqida aniq misollar bilan ommaviy axborot vositalari orqali ko‘p martalab ogohlantirilmoqda. Shunga qaramay pirotexnika vositalarini farzandlariga o‘yinchoq sifatida olib berayotgan ota-onalar ham uchrab turibdi. Yosh bolalar pirotexnika vositalari tufayli yuz-qo‘llari kuygan, og‘ir tan jarohatlari olgan holatlar ham yo‘q emas. Ota-onalar farzandlariga ana shu zararli matohning o‘rniga kitob olib bersalar foydadan holi bo‘lmasdi.

- Pirotexnika vositalari savdosiga butunlay chek qo‘yish uchun yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?

- Ichki ishlar organlari xodimlari pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘ryaptilar.Bu borada Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yilgan.

Ana shu jiddiy masalani hal etish uchun o‘zaro hamkorlik qilib, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, “Mahalla” xayriya jamg‘armasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari va keng jamoatchilikni ham jalb etsak, sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini berishi shubhasiz. Aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar, ularning ota-onalari o‘rtasida pirotexnika vositalaridan foydalanishning salbiy oqibatlari, ushbu buyumlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik ko‘zda tutilganligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilsa, turli ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi. Bundan tashqari, qanchadan-qancha fuqarolar javobgarlikka tortilishdan saqlab qolinadi. Qolaversa, ota-onalarning o‘zlari ham farzandlariga pirotexnika vositalarini ishlatish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini yotig‘i bilan tushuntirishlari lozim.

Ommaviy axborot vositalari pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanishi holatlari, bu qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini ko‘proq yoritsalar, bu ham o‘z samarasini berishi shubhasiz. Xullas, hammamiz hamkorlikda ishlasak, ko‘zlangan natijaga erishamiz.

Shunda hayotimiz tinch-osoyishta bo‘ladi. Ayniqsa, kirib kelayotgan Yangi yilni ko‘ngildagidek nishonlaymiz.

O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!