«Disney» dunyo bo‘ylab yana yuzlab xodimlarini qisqartirmoqda

«Disney» kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab kino, televideniye va moliya bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan yuzlab xodimlarni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi. Bu qaror kompaniya xarajatlarini qisqartirish rejasining davomidir.
Amerikaning yetakchi ko‘ngilochar kompaniyasi «Disney» dunyo bo‘ylab yana yuzlab xodimlarni ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi. Bu safar qisqartirishlar asosan kompaniyaning kino, televideniye va korporativ moliya bo‘limlariga ta’sir qiladi.
«Disney» matbuot kotibining ta’kidlashicha, «tarmoqdagi o‘zgarishlar va raqobat sharoitida kompaniya biznesni samarali boshqarishga qaratilgan choralarni ko‘rmoqda». Qisqartirishlar tartibli va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilayotgani, biror bir bo‘lim to‘liq yopilmasligi alohida qayd etildi.
Mazkur qisqartirishlar 2023 yildagi yirik ozod etish jarayonining davomidir. O‘shanda «Disney» bosh direktori Bob Ayger rahbarligida 7 000 nafar xodim ishdan bo‘shatilib, kompaniya 5,5 mlrd dollar iqtisod qilishni maqsad qilgan edi.
«Disney» o‘z tarkibida Marvel, Hulu va ESPN kabi yetakchi kompaniyalarni ham birlashtirgan holda, global ko‘ngilochar bozorda katta o‘rinni egallab kelmoqda. Kompaniyaning umumiy xodimlari soni 233 ming nafarni tashkil etadi, shulardan 60 ming nafari AQShdan tashqarida faoliyat yuritadi.
Boshqa tomondan, «Disney» 2025 yilning ilk choragida kutilganidan yuqori natijalarga erishdi. Jami daromad 23,6 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga o‘sdi. Bu o‘sishga «Disney+ striming» xizmatining yangi obunachilari hissa qo‘shgan.
Kompaniya joriy yilda «Kapitan Amerika: Yangi dunyo» va «Qorbobo» kabi filmlarni namoyish qildi. Ayniqsa, «Lilo va Stich» filmi Memorial Day bayram kunlari AQShda rekord darajadagi kassa tushumlarini qayd etdi. Mazkur animasion film may oyidan buyon butun dunyo bo‘ylab 610 mln dollarlik chipta sotuviga erishgan.