O‘zbekiston ayollar biznesi indeksida 52 pog‘ona yuqoriladi

Jahon bankining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ayollarning biznes bilan shug‘ullanish imkoniyatlari va huquqlari bo‘yicha xalqaro indeksda 52 pog‘ona yuqorilab, 84-o‘rinni egalladi. Mamlakat 2023 yilda 136-o‘rinda edi.
Ayollar uchun ishbilarmonlik muhitini baholovchi mazkur indeksda 1970 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar o‘rganilgan. O‘zbekiston bu safar 82,5 ball to‘plab, ko‘plab qo‘shni davlatlardan yuqori natija qayd etdi. Ta’kidlash joiz, mamlakat 1991 yildan keyin uzoq yillar davomida ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqada ortda qolib kelgan edi.
Indeks Jahon banki tomonidan mamlakatlardagi qonun-qoidalarning ayollar iqtisodiy imkoniyatlariga ta’sirini baholash asosida shakllantiriladi. Bunda harakat erkinligi, ishga qabul, mehnat haqi, nikoh, onalik, tadbirkorlik, aktivlar va nafaqa kabi 8 asosiy mezon hisobga olinadi. Eng yuqori baholash 100 ballga teng. Masalan, Ispaniyada ayollar va erkaklar uchun iqtisodiy huquqlar to‘liq teng deb baholangan va bu davlat 100 ball olgan.
2025 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 77,8 ballni tashkil qilgan. Bu tendensiya 1990-yillardan boshlangan tenglik harakatlari natijasi sifatida baholanmoqda. O‘zbekiston mustaqillik yillarining dastlabki bosqichlarida bu indeksda 52,5 ball bilan 115-o‘rinda edi. 1996 yilda Qozog‘iston va Qirg‘izistondan o‘tib, Rossiyaga yaqinlashgan bo‘lsa-da, keyingi yillarda barqaror o‘sish kuzatilmagan. Faqatgina 2019 yildan so‘ng islohotlar samarasi ko‘zga tashlana boshladi. 2023 yilga kelib esa O‘zbekiston barcha qo‘shnilarini ortda qoldirdi.