“OPAM XORIJDAN KELMASA, MEROS OCHIQ QOLADIMI?”

“OPAM XORIJDAN KELMASA, MEROS OCHIQ QOLADIMI?”

— Otam vafot etgan. Onam kichik ukam bilan birga yashaydi. Hovlini nomiga o‘tkazishimiz uchun biz – farzandlarining roziligi kerak ekan. Akam, ukam va men rozimiz, ammo opam xorijda. Ko‘p yillar oldin eri bilan birga ketgan, qaytishga imkoni yo‘q. “Borsam, qaytib kelolmayman”, deyapti. Notarial tasdiqlangan rozilik ham yuborolmaydi. Bizga nima maslahat berasiz?
Ismi sir tutildi.

Ikromjon KURBANBAYEV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi:
— Fuqarolik kodeksida meros bilan bog‘liq tartib qoidalar mustahkamlangan. Unga ko‘ra, vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisining o‘limi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi uning ulushini aniqlash va ushbu Kodeksning 226-moddasida belgilangan tartibda umumiy mol-mulkni taqsimlash yoxud undan vafot etgan ishtirokchining ulushini ajratish uchun asos bo‘ladi. Bu holda meros vafot etgan ishtirokchining ulushiga to‘g‘ri keladigan umumiy mol-mulkka nisbatan ochiladi. Mol-mulkni natura holida taqsimlashning imkoni bo‘lmaganida esa bunday ulushning qiymatiga nisbatan ochiladi. Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi o‘z ulushini vasiyat qilishga haqlidir, bu ulush uning vafotidan keyin ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq aniqlanadi. Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi.
Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi. Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.
Fuqarolik kodeksining 1147-moddasiga ko‘ra, merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin. Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
Fuqarolik kodeksining 1151-moddasiga ko‘ra, agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma’lum shaxslar bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishlari shart.Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilgan-u, lekin hozir bo‘lmagan merosxo‘r merosdan voz kechmagan bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar merosni taqsimlash niyatlari to‘g‘risida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘r xabar qilingan paytdan e’tiboran uch oy ichida qolgan merosxo‘rlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi to‘g‘risida xabardor qilmasa, qolgan merosxo‘rlar hozir bo‘lmagan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan ulushni ajratib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘rning turgan joyi meros ochilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa, qolgan merosxo‘rlar meros taqsimotini ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari bo‘yicha amalga oshirishga haqlidirlar.

Meros ochilgunga qadar uch yil mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlarini olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan umumiy mulk bo‘lgan mol-mulkni asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan imtiyozli huquqlar amalga oshirilganda meros taqsimotida qatnashayotgan boshqa merosxo‘rlarning mulkiy manfaatlariga rioya etilishi lozim. Agar mazkur huquqlarni amalga oshirish natijasida merosni hosil qiluvchi mol-mulk boshqa merosxo‘rlarga tegishli ulushlarni berish uchun yetarli bo‘lmasa, imtiyozli huquqni amalga oshirayotgan merosxo‘r ularga tegishli pul yoki mol-mulk tovonini to‘lashi lozim.
Mazkur xolatda onangiz va ukangiz marxum otangiz bilan birga yashaganligini shu sababli meros olishda ular imtiyozli huquqqa egaligini, siz va akangiz o‘zlaringizga tegishli meros ulushidan ukangiz foydasiga voz kechmoqchi ekanligingizni inobatga olib, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga merosxo‘r deb topish, meros ulushlarni belgilash va meros ulushini pul tariqasida ajratish to‘g‘risida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilishlaringiz lozim bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!