“Oilaviy” ovoz berish hollarining oldini olish bo‘yicha choralar belgilandi

“Oilaviy” ovoz berish hollarining oldini olish bo‘yicha choralar belgilandi

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bunday qoidabuzarlik uchun jarima solishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.

Prezident tomonidan 2024 yil 4 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-953-son Qonun imzolandi.

Qonun ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro saylov standartlari asosida saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Xususan, fuqarolarga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenlarini berganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali fuqarolarning teng saylov huquqi kafolatlari kuchaytirilmoqda.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga saylov komissiyasining yoki referendum o‘tkazuvchi komissiyaning a’zosi tomonidan fuqarolarga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenlarini berganligi – BHMning 1 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etish uchun Davlat byudjeti hisobidan ularga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha moliyaviy hisobotlarni taqdim etish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Xususan, siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmaganlik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaganlik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik – mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!