Nur-Sulton yana Ostonaga aylanadimi?

Nur-Sulton yana Ostonaga aylanadimi?

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton nomini qaytadan Ostona deb nomlash bo‘yicha petisiyaga qo‘shilganlar soni qisqa vaqt ichida 100 mingdan oshib ketdi va tobora ortmoqda. Petisiyani 11 yanvar kuni kechqurun egov.press saytida Doniyor Burkutbayev ismli kishi boshlagan.

“2019 yil mart oyida Qozog‘iston Respublikasi prezidentining farmoni bilan mamlakatimiz poytaxti Ostona shahrining nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirildi. Ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlarda va oddiy odamlar tomonidan salbiy qabul qilinmoqda, kundalik hayotda avvalgi nom qo‘llanilmoqda. Jamiyatdagi kayfiyatni inobatga olib, Qozog‘iston Respublikasi prezidenti, hukumati va mamlakat parlamentidan respublikamiz poytaxtiga avvalgi – Ostona nomini qaytarishni so‘raymiz. Bundan tashqari, barcha shaharlardagi mahalliy hokimiyat organlaridan Nazarboyev nomidagi ko‘chalarga davlatchiligimiz, mamlakatimiz birligi va mustaqilligini ta’kidlaydigan betaraf nomlar berishni so‘raymiz. Masalan, Olmaota shahridagi Nazarboyev prospektini Respublika prospekti deb o‘zgartirish mumkin”, – deb yozadi petisiya muallifi.

Qizig‘i, xuddi shunday petisiya 14 yanvar kuni AVAAZ saytida ham boshlangan.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 1997 yilda poytaxtni Olmaotadan Aqmolaga ko‘chirgan edi. 1998 yilda Ostona deb atala boshlagan poytaxt 2019 yil 23 martda Nur-Sulton nomini oldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!