Nishonlik yolg‘iz ona xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalladan norozi. Nega?

Nishonlik yolg‘iz ona xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalladan norozi. Nega?

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida 6 nafar farzandi bilan ijarama-ijara yashab yurgan Tursuntosh Shoto‘rayeva tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalla mas’ullarini oilasiga arzonlashtirilgan uy-joy berishni kechiktirishda ayblamoqda. Turon24 ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Nishon tumanining Baynalminal mahallasida bo‘ldi.

Farzandlarimni o‘z vaqtida yedirib-ichirishga qiynalyapman, deydi Tursuntosh Shoto‘rayeva. Qolaversa, o‘g‘lim kontraktda o‘qiydi. Qizlarim ham katta bo‘lib qolishgan, kollej, liseyda o‘qishadi. Ijarama-ijara ko‘chib yurishdan charchadik. Uy masalasida tuman hokimligiga uchrashdim. Prezidentimizning virtual qabulxonasiga ham murojaat qilgandim. Faqat qog‘ozda javob berishadi. Amaliy natija yo‘q. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jamqulovaga 2-3 marta uchrashdim. Yordam berishmayapti .

Bizga Tursuntosh Shoto‘rayeva nafaqa bo‘yicha murojaat qilgan, deydi Baynalminal mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ofur To‘raboyev. Farzandlarining ikki nafariga 14 yoshgacha bo‘lganlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqani tayinlagandik. Nafaqa 6 oy davomida to‘lab borildi va yaqinda to‘xtatildi. Uy-joy masalasida ham murojaat qilgan. Ammo uy-joy berish mahallaning vakolatiga kirmaydi. Lekin ro‘yxatga qo‘yib, tuman hokimligiga hujjat tayyorlaganmiz .

Mahalla raisining ma’lum qilishicha, Tursuntosh Shoto‘rayeva farzandlari bilan bundan ikki yarim yil ilgari shu mahallaning Nastarin ko‘chasidagi 9-uyning 5-xonadoniga ko‘chib kelgan. Hozir ushbu xonadonda ijarada yashaydi.

Mahallamizga ko‘chib kelganda, ro‘yxatga qo‘yilmagandi, deydi mahalla raisi G‘ofur To‘raboyev. Ro‘yxatga oldik. Uy-joyga muhtojligi xususida tuman hokimligiga hujjat tayyorladik. Qo‘limizdan kelgancha yordam berayapmiz .

Joriy yilning boshida ushbu oilaning sharoiti bilan tanishib chiqib, haqiqatdan ham uyga muhtojligi xususida hujjat tayyorlab, tuman hokimligiga bildirganmiz, deydi mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddisi Gulirayhon Tursunova. Ammo tayyorlagan hujjatlarimizning nusxasini o‘zimizga olib qolmaganmiz. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga berganmiz .

Oilamiz kam ta’minlangan oila bo‘lgani uchun mahallaga moddiy yordam so‘rab murojaat qilganman, deydi Tursuntosh Shoto‘rayeva. Ammo 14 yoshgacha bo‘lgan nafaqani 6 oy olganim uchun Hozir limit tugagan, endi yangi yildan boshlab moddiy yordam beramiz deyishgan .

To‘g‘ri, fuqaro moddiy yordam olish uchun murojaat qilgan, deydi mahalla fuqarolar yig‘ini kotibasi Gulnora Qurbonova. Hujjatlarini ko‘rib chiqib, 2019 yildan boshlab moddiy yordam ham yozamiz .

Mahalla raisi G‘ofur To‘raboyevning ma’lum qilishicha, Baynalminal mahallasida 555 ta xonadon bo‘lib, 2457 nafar aholi istiqomat qiladi. Mazkur mahallada yashovchi 2 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga uy-joy qurib berilmoqda.
Vaqti soati bilan bu kishining oilasiga ham uy-joy beriladi, deydi mahalla raisi. Faqat tuman hokimligi ro‘yxat bo‘yicha berishadi-da .

Nishon tumani hokimi o‘rinbosari Shohida Xo‘jaqulovaning so‘zlariga ko‘ra, Tursuntosh Shoto‘rayeva oilasi tumanda uy-joyga muhtoj oilalar ro‘yxatida turadi.

Tursuntosh Shoto‘rayevaning oilasi ham uy-joyga muhtojlar ro‘yxatida turadi, deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jaqulova. U kishining turmushga chiqqan farzadlaridan tashqari qaramog‘ida yana 5 nafar farzandi bor. Shuni inobatga olgan holda, oilani uy-joyga muhtoj oilalar safiga qo‘shganmiz .

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisining so‘zlariga ko‘ra, Tursuntosh Shoto‘rayeva oilasi 2 marotaba uyga muhtoj va uy berilishi lozim bo‘lgan oilalar ro‘yxatiga kiritilib, viloyat hokimligidan rad etilgan.

Mazkur oilaga Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qaroriga ko‘ra, dastlabki badal to‘lovni to‘lab uy bermoqchi bo‘lganimizda, oila boshlig‘i uyning qolgan to‘lovini to‘lay olmasligini bildirgan. Shuning uchun yordam bo‘lsin deb, bu oilani bepul uy-joy berilishi lozim bo‘lganlar qatoriga qo‘shgandik, deydi tuman hokimi o‘rinbosari. Ammo talabga to‘g‘ri kelmagani bois, viloyat hokimligidan rad etishgan .

Ayni kunda biz yashab turgan uy egasi ham ijara pulini o‘z avqtida to‘lay olmaganim uchunmi yoki boshqa sababi bormi, uydan chiqing deyapti, deydi Tursuntosh Shoto‘rayeva. Lekin sovuq qishda qayerga boraman?

Tursuntosh Shoto‘rayevaga vaqtincha yashab turish uchun hech qanday to‘lovlarsiz uy taklif qildik, deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jaqulova. Bir emas 3 ta uy borligi aytdik. Ammo uzoq yoki menga noqulay deb rad etgan. Tuman hokimligining qo‘lidan kelgani shu .

Uchta uy ko‘rsatishgani rost, deydi murojaatchi. Ammo uzoq hududdan. Borib-kelish muammo. Farzandlarim o‘qiydi. O‘zim esa shu yerdagi oshxonalarda ishlayman. Qatnash muammo tug‘dirgani sabab, rad etganman. Qolaversa, bo‘yi yetgan qizlarim bilan notanish insonning uyida qanday yashayman?

Tuman hokimi o‘rinbosari Shohida Xo‘jaqulovaning ma’lumot berishicha, tumanda 174 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar mavjud bo‘lib, 2017 yil ularning 12 nafariga, joriy yilda esa 15 nafariga uy-joy qurib berilmoqda.

Birinchi navbatda nogiron farzanlari bor oilalarga yordam qilish maqsadida, ularni uy-joy bilan ta’minlashga harakat qilyapmiz, deydi tuman hokimi o‘rinbosari. Chunki belgilangan tartib bor. Nasib etsa, Tursuntosh Shoto‘rayevani ham navbat kelsa, albatta, uy-joy bilan ta’minlaymiz .


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!