Nigeriyada o‘g‘irlab ketilgan 287 o‘quvchi ozod qilindi

Nigeriyada o‘g‘irlab ketilgan 287 o‘quvchi ozod qilindi

Nigeriyaning Kaduna shtati gubernatori Uba Sani 7 mart kuni Kuriga shahridagi maktablaridan o‘g‘irlab ketilgan 287 nafar o‘quvchining ozod etilishi haqida ma’lumot berdi. Ulardan kamida 100 nafari 12 yosh va undan kichikdir.

“O‘g‘irlangan maktab o‘quvchilari sog‘-salomat qo‘yib yuborildi”, - deb yozdi gubernator Uba Sani X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Tvitter) rasmiy akkauntida.

U o‘z bayonotida Nigeriya prezidenti Bola Tinubuga, jumladan, o‘g‘irlangan maktab o‘quvchilarining sog‘-omon qo‘yib yuborilishini ta’minlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Kadunada bolalarning o‘g‘irlanishi uchun javobgarlikni hech qaysi guruh o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Biroq mahalliy aholi tovon puli olish uchun qaroqchilik qiluvchi guruhlarni ayblamoqda. Ularning ko‘pchiligi o‘troq jamoalar bilan ziddiyatda bo‘lgan sobiq chorvadorlardir.

Qaroqchilar bilan muzokaralar olib borgan Usmon Danfodiyo universitetining tadqiqotchi professori Murtala Ahmad Rufai hamda Shayx Ahmad Gumiyning aytishicha, jinoyatchilar mintaqadagi keng o‘rmonlarda yashirinishgan.

Nigeriyada ommaviy odam o‘g‘irlash holatlari tez-tez uchrab turadi. Qaroqchilar o‘g‘irlab ketilganlarning oilalari to‘lov to‘laganidan keyin yoki hukumat va xavfsizlik idoralari rasmiylari bilan muzokaralardan so‘ng asirlarni qo‘yib yuborishadi.

Shanba kuni mamlakatning Shimoliy Sokoto shtatida ham kamida 17 nafar maktab o‘quvchisi ikki hafta o‘tib qutqarilgani haqida xabar qilingan edi. Bayonotda aytilishicha, qutqaruv operasiyasi, xuddi Kadunadagi o‘quvchilar kabi, Nigeriya milliy xavfsizlik maslahatchisi idorasi tomonidan muvofiqlashtirilgan.

2014 yildan buyon Nigeriya maktablaridan kamida 1400 nafar o‘quvchi o‘g‘irlab ketilgan. So‘nggi yillarda o‘g‘irlashlar mamlakatning shimoli-g‘arbiy va markaziy mintaqalarida ko‘proq kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda o‘nlab qurolli guruhlar to‘lov uchun qishloq aholisi va sayohatchilarga tez-tez hujum qilishadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!