Navoiyda firibgarlik: 160 million so‘mdan ortiq imtiyozli kreditga ajratilgan tikuv mashinalarini kim “o‘mardi”?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ-4231-sonli qaroriga muvofiq, aholining mehnat orqali daromad topishga bo‘lgan qiziqishini keskin oshirish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatini imtiyozli shartlarda moliyalashtirishni tizimli ravishda davom ettirish, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida, loyihalar va tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB hamda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, ya’ni imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilab berilgan.
Bundan o‘zining shaxsiy manfaatini ko‘zlagan T.I., Navbahor tumanidagi “Qalqon ota” mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi vazifasida ishlab kelayotganidan foydalanib, fuqarolarning ishonchiga kirib, firibgarlik jinoyatini quyidagicha sodir etgan.
T.I. dastlab, o‘zi ishlab kelgan mahalla hududida yashovchi fuqaro B.G.ning nomiga tikuvchilikni rivojlantirish uchun 14.000.000 so‘m miqdorda imtiyozli kredit chiqarish maqsadida, hujjatlarni uning nomidan imzolab, bank orqali chiqarilgan kredit haqida B.G.ga ma’lum qilmasdan, kredit mablag‘larini naqdlashtirib, pul mablag‘larini o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.
Shuningdek, mahalla mutaxassisi T.I. Navbahor tumani “Qalqon ota” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi jami 15 nafar fuqarolarga, tikuvchilikni rivojlantirish uchun 3 yil muddatga, yillik 8 foiz ustama to‘lash sharti bilan imtiyozli kredit asosida beriladigan tikuv mashinalarini tarqatib berishda tadbirkor X.Z.ga yordam berishini aytib, uni aldab, ishonchiga kirib, tadbirkor tomonidan fuqarolarga tarqatish uchun keltirib berilgan jami 146.500.000 so‘mlik tikuv mashinalarini sotib yuborib, pul mablag‘larini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
T.I.ning jinoyat ishi 2020 yil 27 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudda T.I. sodir etgan firibgarlik jinoyatini tan olgan.
Sud tomonidan T.I.ga, yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani, fuqarolarga berilishi lozim bo‘lgan tikuv mashinalari yetkazib berilgani e’tiborga olinib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandi va 228-moddasining 1-qismi bilan Jinoyat kodeksining 45 va 57-moddalari qo‘llanib, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tizimida ishlash huquqidan 2 yil muddatga mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 225 baravari miqdorida 50.175.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
B.Farmonov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining devonxona mudiri