Malayziya va Tailandda yana kuchli yomg‘ir kutilyapti
Yaqindagina davomli yog‘ingarchilikdan jiddiy zarar ko‘rgan Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari – Tailand va Malayziyada yana kuchli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. O‘n minglab odam allaqachon uyini tashlab ketgani bois, har ikki davlatda maxsus boshpanalar qurilgan. Qutqaruv guruhlari tashkil etilib, keyingi evakuasiya rejalari tuzilgan.
Bu o‘lkalarda bir necha kun davom etgan musson yomg‘iri halokatli suv toshqinlarini keltirib chiqardi. O‘nlab odamlar halok bo‘ldi.
“Al-Jazira” yozishicha, hukumatlar yanada kuchliroq yomg‘ir bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatini yumshatish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Tailand janubida so‘nggi bir haftada 25 kishi toshqin qurboniga aylanib, 300 mingdan ko‘p xonadon zarar ko‘rgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi 34 354 odam ko‘chirilgani, 491 inson hukumat boshpanasida qolgani haqida xabar bergan.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan Pattani, Narativat, Songxla va Yala viloyatlarida qutqaruv guruhlari joylashtirilib, hududlarga 50 million bat (1,45 million dollar)dan yordam ajratilgan. Vazirlar Mahkamasi jabrlangan har bir oila uchun 9000 bat (260 dollar) miqdorida mablag‘ ajratilishini ma’qulladi.
Bir necha provinsiyada suv sathi pasaygan bo‘lsa-da, payshanbagacha yana kuchli yomg‘ir yog‘ib, toshqin xavfini oshirishi kutilyapti. Rasmiylar boshpana, suv so‘ruvchi uskuna, qutqaruv mashinasi va qayiqlarni tayyorlab qo‘ygan.
O‘tgan hafta Malayziya sharqiy qirg‘og‘ida besh kun davom etgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumdi. Mamlakat shimoli-sharqidagi Kelantan shtati va qo‘shni Terengganuda uylar, yo‘llar vayron bo‘ldi. Tabiiy ofatni boshqarish milliy markazi ma’lumotiga ko‘ra, 91 mingga yaqin odam hamon uyini tark eta olmayapti. Umumiy zarar 224 million dollarga baholanmoqda.
Dam olish kunlari yomg‘ir susaygan bo‘lsa-da, Bosh vazir Anvar Ibrohim seshanba kuni hukumat kuchli yomg‘irga tayyorgarlik ko‘rayotgani, yakshanbada musson prognozi yana ko‘tarilishini taxmin qildi.