Lola Tillayevaga aloqador qasr 36 million dollarga sotildi

Lola Tillayevaga aloqador qasr 36 million dollarga sotildi

Lola Tillayeva va turmush o‘rtog‘iga aloqador kompaniya Beverli-Xillzdagi qasrni 36 million dollarga sotdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Beverli-Xillz (Kaliforniya) ko‘chmas mulk reestri ma’lumotlariga ko‘ra, 4450 kvadrat metrli Le Palais qasri 36 million dollarga sotilgan.

Qasr sotuvchisi O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillayeva va uning turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Timur Tillayevga aloqador kompaniya ekani aytilmoqda. Kompaniya mulkni 2013 yilda 32,75 million dollarga sotib olgan.

Ko‘chmas mulkni kim xarid qilgani noma’lum.

Le Palais 2011 yilda Los-Anjelesning eng qimmat hududlarida hashamatli mehmonxonalar va qasrlar qurish bilan mashhur bo‘lgan supermodellar Jiji va Bella Xadidning otasi Muhammad Hadid tomonidan qurilgan. U Beverli-Xillz mehmonxonasi ro‘parasida joylashgan bo‘lib, qo‘lda o‘yilgan fransuz ohaktoshidan fasadga ega. Mulk dalolatnomasida aytilishicha, saroyning yettita yotoq xonasi bor.

Tillayevlar juftligiga tegishli bo‘lgan hashamatli Le Palais saroyi Los-Anjelesdagi Lola Karimovaning The Harmonist parfyumeriya do‘koniga yaqin. Do‘konning rasmiy saytidaga e’longa ko‘ra, Karimova dunyodagi eng noyob va qimmatli tabiiy ingrediyentlardan tayyorlangani aytilayotgan atirlar sotadi.

“Muhammed Hadid tomonidan qurilgan bu ulkan qasrda yopiq basseyn, 200 mehmonga mo‘ljallangan bal uchun zal, 40 o‘rinli kinoteatr, 10 dan ortiq mashina sig‘imga ega yerosti garaji va massaj xonasi bor”, — deb yozadi Variety nashri.

O‘z navbatida, Amerika nashri Karimovaning Los-Anjelesdagi sotilgan uyi unga tegishli ko‘chmas mulklar ro‘yxatidagi eng qimmati emasligini ta’kidlaydi.

“Bu oila Shveysariyadagi uyini taxminan 47 million Shveysariya frankiga (taxminan 53 million 346 ming dollardan ortiq) sotib olgan”, — deyiladi Variety maqolasida.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!