Kamyob kasallik: O‘t pufagi saratoni kimlarda ko‘proq uchraydi?

A A A
Kamyob kasallik: O‘t pufagi saratoni kimlarda ko‘proq uchraydi?

O‘t pufagi saratoni — kam uchraydigan onkologik kasallik. U odatda 50 yoshdan oshgan kishilarda aniqlanadi. Asosiy xavf guruhiga mansub toifa — ayollar.

🏥 Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Olimjon Imomov ushbu xastalikning kelib chiqish sabablari, alomatlari, diagnostika va muolaja usullari haqida ma’lumot berdi.

▶️ — Bu patologiyani keltirib chiqaruvchi sabablar ko‘p, — deydi mutaxassis. — O‘t-tosh va jigar kasalliklari, o‘t pufagi poliplari va infeksiyalari, surunkali xolesistit, chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik, kimyoviy kanserogenlar muhitida ishlash kabi omillar shular jumlasidan.

🩺 Xastalik chog‘ida qorin og‘rig‘i, ayniqsa, qorinning yuqori o‘ng qismida shishish, tana harorati ko‘tarilishi, sababsiz vazn yo‘qotish, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, terida qichishish, badanda, peshob va axlatda sarg‘ayish belgilari kuzatiladi.

📌 Ammo ushbu alomatlar boshqa xastaliklar simptomlari bilan juda o‘xshashligi tufayli ko‘pincha bu patologiyaga kech bosqichda tashxis qo‘yiladi. Oqibatda bemorning salomatligi va hayoti jiddiy xavf ostida qoladi.

📊 Kasallikning to‘rt rivojlanish bosqichi bor. Ilk bosqichda o‘simta faqat o‘t pufagining shilliq qavatiga, ikkinchi bosqichda mushak qavatiga ta’sir qiladi. Biroq u boshqa organlarga tarqalmaydi.

♻️ Uchinchi bosqichda neoplazma o‘t pufagidan tashqarida o‘sib, limfa tugunlariga ta’sir qiladi. So‘nggi bosqichda xavfli o‘sma jigar bo‘ylab tarqaladi.

🔎 Xastalikka tashxis qo‘yish jarayoni odatda qorin bo‘shlig‘ining ultratovush tekshiruvidan boshlanadi. Bu ko‘rik turi o‘sma va uning joylashuvini aniqlashga yordam beradi.

🖥 Ammo mazkur jarayonda kompyuter tomografiyasi va magnit-rezonans tomografiya asosiy rol o‘ynaydi. Tibbiy xulosalarni tasdiqlash uchun turli laboratoriya tahlillari ham talab etiladi.

💉 Agar bemorda o‘t pufagi saratoni erta bosqichda aniqlansa, bu darddan to‘liq xalos bo‘lish ehtimoli yuqori. Muolajalar kasallik bosqichiga, salomatlik ko‘rsatkichlariga ko‘ra individual ravishda beligilanadi.

✂️ Ko‘p hollarda jarrohlik aralashuvi qo‘llanilishi mumkin. Bunda o‘t pufagi, uni o‘rab turgan to‘qimalar, hatto jigar va limfa tugunlarining bir qismi olib tashlanishi ham mumkin. Bundan tashqari, kimyoterapiya yoki radioterapiya, ba’zi hollarda ikki muolaja usuli kombinasiyasi ham qo‘llaniladi.

‼️ Hozir markazimizda ushbu kasallikka zamonaviy diagnostika texnologiyalari orqali tashxis qo‘yish va ilg‘or usullar yordamida davolash yo‘lga qo‘yilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!