Instagram Aliya Nazarboyevaning qayerdaligini "sotib qo‘ydi"

Instagram Aliya Nazarboyevaning qayerdaligini "sotib qo‘ydi"

Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva Facebook va Instagram’dagi sahifalarini o‘chirib tashlagan yoki ularga kirishni butunlay cheklab qo‘ygan. Bu holat Nazarboyeva Instagram’da mamlakatdagi voqealarga izoh berganidan ko‘p o‘tmay jurnalistlar uning Qozog‘istonda emas, Birlashgan Arab Amirliklarida ekaniga e’tibor qaratganidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Avvalroq Aliya Nazarboyeva sobiq prezident oilasining vakillaridan birinchi bo‘lib Qozog‘istondagi so‘nggi voqealarga izoh bergandi. «Jabrlanganlar va qurbonlar tufayli his qilinadigan og‘riq va afsuslarni so‘z bilan ifodalashning iloji yo‘q. Men barcha qurbonlarning oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiraman. Barchamiz uchun bu ayanchli saboq tariximizda so‘nggisi bo‘lib qolsin», — deb yozgan u.

Nazarboyeva o‘z postida otasini ham tilga olgan, lekin uning qayerdaligi va ahvoli haqida birorta tafsilot bermagan. «Sizdan kelayotgan ruhlantiruvchi so‘zlar uchun rahmat. Otamni ma’naviy qo‘llab-quvvatlayotganingizdan minnatdorman, u bugungi kunda turli viloyatlar aholisidan ko‘plab xatlar olmoqda», — deb yozgan Aliya Nazarboyeva.

Nursulton Nazarboyev so‘nggi marta 2021 yilning 28 dekabrida omma oldiga chiqqan edi. Uning matbuot kotibi ham, qozog‘istonlik diplomatlar ham Nazarboyevning Nur-Sultonni tark etmagani haqida bayonotlar bersa-da, respublikada ko‘pchilik bu ma’lumotga ishonmayapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!