Inson nega yolg‘on gapiradi?

Inson nega yolg‘on gapiradi?

Inson aslida bu dunyoga nima uchun kelganini anglab olishi zarur. Ozgina muddatlik, keraksiz, behuda narsalar uchun yolg‘on so‘zlash, bu hayot maqsadini tushunib yetmaganlik sababli vujudga keladi.

Yolg‘on arab tilida “kizb” deyiladi va lug‘atda rostning teskarisini anglatadi.

Ulamolar yolg‘onni quyidagicha ta’riflaydilar:

Jurjoniy: “ Yolg‘on xabar uning voqelikka to‘g‘ri kelmasligidir “, deganlar.

Ibn Hajar: “ Yolg‘on bir narsa haqida qasddan bo‘lsin, noqasddan bo‘lsin, unga xilof narsani gapirishdir “, deganlar.

Alloh taolo Qur’oni Karimning Nahl surasida yolg‘on haqida quyidagicha marhamat qiladi:

"Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar o‘zlari yolg‘onchidirlar".

Inson yolg‘on gapirib nimaga erishadi? Nima uchun yolg‘on gapiradi? Kishining yolg‘on ishlatishiga bir necha sabablar bor:

Foyda jalb qilish. Yolg‘onchi o‘ziga foyda yetishishini ko‘zlab odamlarni aldab, o‘z manfaati uchun yolg‘on gapiradi;

Zararni qaytarish. Yolg‘onchi o‘ziga yetishi mumkin bo‘lgan zararni qaytarish maqsadida ham yolg‘on to‘qiydi. U o‘zicha shu to‘g‘ri yo‘l deb o‘ylaydi. Ammo bu ikki holatda ham o‘ziga bu dunyo va oxirat zararlarini jalb qilayotganini o‘ylamaydi;

So‘zini chiroyli va gapini go‘zal chiqarmoqchi bo‘lish. Bunda yolg‘onchi to‘g‘ri so‘z va rost gap ila odamlarga yoqish, ularning e’tiborini tortish imkoni yo‘q bo‘lganidan ularga yoqadigan gap-so‘z izlab, yolg‘on gapiradi. Yolg‘on gapirish odatiga aylanib qolgani va nafsi shu narsani istaydigan bo‘lib qolgani sababli bu ishni qiladiganlar ham bor;

Dushmandan o‘ch olish maqsadi. Bunda yolg‘onchi dushmanini sharmanda qilish va undan o‘ch olib, ko‘ngli to‘lishi uchun yolg‘on to‘qiydi;

O‘z obro‘sini orttirish maqsadi. Bunda yolg‘onchi o‘zini ahli fazl, olim, uddaburon qilib ko‘rsatib, maqtanish uchun yolg‘on to‘qiydi.

Asli yo‘q narsani to‘qish. Bor narsaga ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada qo‘shimcha qo‘shish;

Bor narsaga ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada nuqson yetkazish. Bor narsani gapirayotganda ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada iboralarni o‘zgartirish.

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!