Ichki ishlar xodimini haqoratlab, uning uy va mashina kalitlarini tortib olgan yigitlarga jazo tayinlandi

Ichki ishlar xodimini haqoratlab, uning uy va mashina kalitlarini tortib olgan yigitlarga jazo tayinlandi

Halollik haqida ko‘p gapiramiz, uni ulug‘laymiz. Zero, halollik bo‘lmagan joyda baraka bo‘lmaydi, undan yuz o‘girganlar tubanlik botqog‘iga botadi. Bu asrlar sinovidan o‘tgan haqiqat.

Ammo amalda halollik ko‘chasini aylanib o‘tishga urinayotganlar ko‘payib borayotgani kishini ajablantiradi. Buning oqibati aslida barchamizni tashvishga solishi kerak. Bo‘lmasa, biz birovning haqidan hazar qilgan, qo‘lidagi bir burda nonini ham birovga ilingan, peshona teri bilan asrlardan ustun muazzam imoratlar qurgan ajdodlarimizga munosib bo‘la olmaymiz.

Shu o‘rinda hovli devori osha ko‘chaga shoxi egilgan olma daraxtidan yerga tushgan mevani qo‘liga olib bexos tishlagan, lekin buni daraxt egasining roziligisiz qilgani uchun iztirobga tushgan mo‘ysafid haqidagi hikoya yodimga tushdi. Juda ibratli hikoya.

Lekin oramizda yemakxonaga kirib, ko‘ngli tusagan narsani buyurtma qilib qornini to‘yg‘azgan, haqini to‘lashga kelganda esa g‘irromlik yo‘liga o‘tganlar borligi qanchalar ayanchli holat. Yana buni erkak kishi amalga oshirganini ko‘rib, taajjubdan yoqa ushlaysan.

Taassufki, bu ertak emas, qadim Buxoroda yaqinda sodir bo‘lgan voqealardan biri. Kechki payt ikki o‘rtoq shahardagi qahvaxonalardan biriga kirib, o‘zlariga ma’qul taomlar, hatto spirtli ichimliklardan ham bahramand bo‘lishadi. Maishatbozlik yarim tungacha davom etadi.

Nihoyat, mijozlar hisob-kitob qilib muassasani tark etishi kerak bo‘lgan onlar keladi. Shokir va Dilshod esa o‘zlarini mastlikka solib, yegan taomlari uchun pul to‘lashni go‘yoki tushunishmaydi. Ular g‘irromlik yo‘liga o‘tib, janjal ko‘tarishga harakat qiladi.

Qahvaxona ma’muriyati bu holat bo‘yicha ichki ishlar organiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimi ikki mijozning mast holda baqir-chaqir qilayotganiga guvoh bo‘ladi. U holatga aniqlik kiritish maqsadida ularni hamda qahvaxona xodimlarini yaqin oradagi tayanch punktiga olib boradi.

Biroq mijozlardan biri Shokir organ xodimiga qilmishi bo‘yicha izoh berishdan bosh tortib, barchani haqoratlashga o‘tadi. Davlat xizmatchisining qonuniy talabiga qarshilik qilib, xonadan chiqib ketadi. Uning ortidan ergashgan sherigi Dilshod esa avtomashinasiga qarab yuguradi. Shunda IIB xodimi unga yetib oladi. Unga yordamga kelgan Shokir esa xodimni qo‘li bilan itarib yuboradi. Hatto xodimning xizmat pogonini yulib olishga harakat qiladi. Uning noqonuniy harakatlarini to‘xtatish maqsadida xodim Shokirning bir qo‘liga darhol kishan taqadi. Ikkinchi qo‘liga kishanni taqishga urinayotganida u avtomashinaga o‘tirib oladi. Ular qochib ketmasligi uchun ichki ishlar xodimi avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib oladi.

Avtomobilni yurgizayotgan Dilshodga organ xodimi to‘xtashni talab qilganiga qaramay, haydovchi tezlikni oshiradi. Shahardan chetga chiqquncha xodimni haqoratlab ketgan shovvozlar keyin uning xizmat kiyimlarini tintib, cho‘ntagida bo‘lgan avtomashina va uy kalitlari hamda xizmat guvohnomasini olib qo‘yadi. Ichki ishlar xodimi ushbu holat yuzasidan IIB navbatchilik qismiga xabar bermoqchi bo‘lganida, Shokir uning qo‘l telefonini tortib oladi. Bosqinchilar qo‘lidan bir amallab qutilgan xodim yarim tunda qiyinchilik bilan xizmat xonasiga qaytadi.

Sud jarayonida sodir bo‘lgan voqeaga qonuniy baho berildi, deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi Akbar Jabborov. Shokirga 3 yil, uning sherigi Dilshodga 1,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Chunki ular ko‘rsatilgan xizmat uchun haq to‘lamay huquqbuzarlik qilish bilan birga, qahvaxona xodimlarini haqoratlash, xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organi xodimiga bo‘ysunmay, uni tahqirlashdek jinoyatga ham qo‘l urgan.

Tog‘ni ursa talqon qiladigan navqiron yigitlarning arzimagan pulni deb halollikdan yuz burgani ularni nafaqat tubanlik botqog‘iga botirdi, balki hayotlariga ham qora soya soldi. Pastkashlik qilishdan tap tortmaslik, oriyatsizlik esa ularning yillarini panja ortiga oldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!