Haj ziyoratidan qaytganlar aeroportda nega so‘roq qilindi? DXX internetda tarqalgan xabarlarni rad qiluvchi dalillar keltirdi

Haj ziyoratidan qaytganlar aeroportda nega so‘roq qilindi? DXX internetda tarqalgan xabarlarni rad qiluvchi dalillar keltirdi

29 avgust kuni «Ozodlik» radiosi o‘zbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytganida, Toshkent xalqaro aeroportida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bir necha soat davomida so‘roq qilingani, ularning pasportlari olib qo‘yilgani haqida xabar tarqatdi.

Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati shunday mazmundagi xabarlarni rad etuvchi dalillarni keltirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yil kuzida Toshkentda ochilgan «Let`s fly travel» MCHJ o‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistoniga noqonuniy yo‘llar orqali jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan. 

O‘zbekistonga qaytgan ziyoratchilarni so‘roq qilish davomida 10dan ortiq kishi Saudiya Arabistoniga borish uchun xorijiy davlat pasportidan foydalanilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlashgan. Surishtiruv tadbirlari 1 soatdan ortiq davom etmagan (soat 17:20dan soat 18:10gacha), buni ularning aeroportda kutib turgan qarindoshlari ham tasdiqlaydi. Shu bilan birgalikda, ularning go‘yoki Saudiya Arabistoni davlat chegarasini bosib o‘tganini tasdiqlash uchun soxta shtamplar bosilgan O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi pasportlari prosessual tartibda olingan.

Kun.uz’ga taqdim qilingan videoda ko‘rish mumkinki, so‘roq qilingan ziyoratchilardan biri ularga «qizil pasport» berilgani haqida gapirgan.

Aniqlanishicha, «Let’s fly travel» MCHJ 2018 yilning noyabrida Saudiya Arabistoniga «umra» ziyorati uchun 10 kishidan iborat «hojilar guruhi»ning ilk partiyasini jo‘natgan. Keyinroq ushbu uyushgan jinoiy guruh O‘zbekiston fuqarolarini haj ziyorati uchun ommaviy jo‘natish kanalini yo‘lga qo‘ygan, bunda xorijiy davlatning soxta pasportlaridan foydalanilgan. Natijada, 2019 yilning iyun-iyul oylarida uyushgan jinoiy guruhga hech qanday moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Saudiya Arabistoniga safar uchun o‘rtacha 10 ming dollardan to‘lagan 40 nafardan ortiq kishidan iborat guruh shakllantirilgan. Bu pullarning bir qismi, 5 ming dollarlik partiyalar xorijga uyushgan jinoiy guruhga yetkazish uchun ziyoratchilarning o‘zlari tomonidan olib chiqilgan, bu guruh a’zolarining ayrimlari diniy-ekstremistik tuzilmalarga aloqadorligi gumon qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, «Let’s fly travel» MCHJ turistik xizmatlar ko‘rsatish uchun lisenziyaga ega emas.

Asosan, Misrdagi shubhali diniy markazlar bitiruvchilari bo‘lgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari o‘z xizmatlarini reklama qilish uchun «Telegram» messenjerida «Haj va umra» nomli kanal ochishgan va u yerda «Let’s fly travel» MJCh orqali Saudiyaga borgan O‘zbekiston fuqarolarining haj qilish jarayoniga oid video va fotomateriallarni joylashtirib borishgan. Ziyoratchilar Saudiyada bo‘lishi vaqtida tibbiy va boshqa xizmatlar bilan ta’minlanmagan, ularning xavfsizligi kafolatlanmagan.

Firma joylashgan bino tintuv qilinganda ashyoviy dalil sifatida 55 ming. AQSh dollari va O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga jo‘natilganini tasdiqlovchi boshqa materiallar, jumladan, moliyaviy operasiyalar tafsilotlari ko‘rsatilgan «buxgalteriya qoralamalari», shuningdek Saudiya Arabistoni va Misr Arab Respublikasida nashr qilingan shubhali diniy adabiyotlar musodara qilingan.

«Agar bu fuqarolar O‘zbekiston hududidan tashqarida soxta pasportlar bilan qo‘lga tushganida ular o‘sha davlat qonunlari bo‘yicha javobgarlikka tortilar va haj amalini ado etolmas edi. Saudiya Arabistonida pasportlar soxtaligi uchun ziyoratchilar favqulodda vaziyatga tushib qolishganida qandaydir qo‘llab-quvvatlovsiz qolgan bo‘lishardi.

«Ozodlik» radiosi esa yana bir marta yolg‘on ma’lumot tarqatib, bu orqali jamoatchilikni chalg‘itishga, ommaviy axborot vositalarini obro‘sizlantirishga urindi», deyiladi DXX ma’lumotnomasida.

28 avgust kuni «Let`s fly travel» MCHJ mas’ul shaxslari - transmilliy uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi, 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!