FVV: Yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari undirilmaydi

FVV: Yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari undirilmaydi

Kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan “yillik to‘lov” qabilida turli miqdordagi pul mablag‘larini majburiy tarzda noqonuniy yig‘ishi holatlari kuzatiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu shaxslarning FVV faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, shu bilan birga, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari, boshqa turdagi to‘lovlar undirilmasligini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda turli hududlarda favqulodda vaziyatlar, yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritadi. Ularning nizomlarida ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga xizmat ko‘rsatish vazifalari belgilangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada quyidagilarga e’tibor qaratishni so‘ragan:

* xonadonga kelib, o‘zini FVVning quyi tizimlariga o‘xshash tashkilotlar nomlari bilan tanishtirgan shaxslardan, birinchi navbatda, o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishni so‘rang;

* ularning faoliyat turi hamda qanday xizmatlar ko‘rsatishi va ishlarni bajarishiga aniqlik kiriting;

* shuningdek, ular tomonidan taklif qilinadigan xizmatlarni bajarish faqat sizning roziligingiz asosida amalga oshirilishi mumkinligini unutmang.

“Agar xizmat ko‘rsatmasdan va siz yoki oila a’zolaringizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ishlarni bajarmasdan, sizdan majburiy tartibda to‘lov talab qilinsa, o‘z huquqlaringizni himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishingiz mumkin”, – deyiladi FVV xabarida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!