Fransiyada Marin Le Pen ustidan sud jarayoni boshlandi

 Fransiyada Marin Le Pen ustidan sud jarayoni boshlandi



Le Pen va Fransiyaning o‘ta o‘ng “Milliy birdamlik” partiyasining boshqa a’zolari Yevropa Ittifoqi mablag‘larini o‘zlashtirganlikda hamda Yevroparlament deputatlarining yordamchilarini soxta yollash yo‘li bilan partiyani yashirincha moliyalashtirganlikda ayblanmoqda. Agar Marin Le Pen aybdor deb topilsa, u 2027 yilgi prezidentlik saylovida qatnasha olmaydi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, “Milliy birdamlik” partiyasidan Yevroparlament deputatlariga yordamchi sifatida yollangan odamlar aslida Yevropa Ittifoqidagi vakillari uchun emas, balki shaxsan Le Pen yoki uning partiyasi uchun ishlagan.

Evropa Ittifoqiga yetkazilgan zarar deyarli 7 million yevroga baholanmoqda. Ma’lum qilinishicha, Marin Le Pen allaqachon Yevroparlamentga 330 ming yevroni qaytarib bergan. Ushbu ayblov uchun eng yuqori jazo o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.

Marin Le Pen bilan birga uning singlisi Jan va sobiq sherigi Lui Alio ham sud jarayoniga tortilgan. Marin Le Penning otasi, 96 yoshli Jan-Mari Le Pen ham ayblanuvchilar ro‘yxatida, biroq unga sog‘lig‘i sababli sud majlislarida qatnashmaslikka ruxsat berilgan. Ishda jami 27 kishi ishtirok etmoqda, sud majlislari noyabr oyining o‘rtalariga qadar davom etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!