Farg‘onalik ayol qaysi qilmishi uchun bunday ahvolga tushdi?

Farg‘onalik ayol qaysi qilmishi uchun bunday ahvolga tushdi?

Oltiariq tumanida yashovchi Xurshida Sobirova 2019 yilning 10 oktyabr kuni Rossiya federasiyasining Moskva shahrida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qo‘lga olindi. Chunki jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudining 2017 yil 5 sentyabrdagi ajrimiga ko‘ra, Xurshidaga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingandi. Shu bois u joriy yilning 25 fevralida Farg‘ona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasiga keltirildi.

Endi haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, X. Sobirova qaysi qilmishi uchun bunday ahvolga tushdi?

Bunga javoban shuni aytish kerakki, Xurshida Oltiariq tumanida yashovchi, tuman «Ermulkkadastr» davlat korxonasining sobiq xodimi Manzura Qayumova (jinoyat ishining unga nisbatan bo‘l­gan qismi bo‘yicha sudning hukmi mavjud) bilan jinoiy til biriktiradi. Ularning jinoyati esa, 2015-2016 yillarda sodir etilgan.

Tergov va sud jarayonida ayon bulishicha, Subixon Mamatibragimova, taxminan, 30 yillardan buyon ota hovlisida turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan yashab kelgan. 2010 yilda otasi S. Nurmatov vafot etgach, Subixon opa Manzuraning yordamida hovli-joyni o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Ammo 2014 yilga kelib, opa-singillari hovlidagi o‘z ulushiga da’vogarlik qila boshlashgan.

Ya’ni tug‘ishganlari S. Mamatibragimovani sudga berishni aytishadi.

Oqibatda opa-singillar o‘rtasiga sovuqchilik tushgan. Bundan xabar topgan M. Qayumova esa, X. Sobirova bilan birga vaziyatdan «unumli» foydalanib qolmoqchi bo‘ladi. Aniqrog‘i, Manzura Xurshidani Subixon opaga qo‘ng‘irok qilib, o‘zini ¤zbekiston Respublikasi Oliy sudi xodimi sifatida tanishtirish va shu orqali pul undirishga qiziqtiradi. Shunga binoan, X. Sobirova 2015 yil 13 noyabr kuni S. Mamatibragimovaga qo‘ng‘iroq qiladi.

— Ismim Iroda, respublika Oliy sudida ishlayman, — deydi u o‘zini tanishtirib. — Singillaringiz bilan sudlashib yurganingizdan xabarim bor. Bu masalada sizga yordam bermoqchiman.

— Voy, baraka toping, aylanay. Siz­ni xudoning o‘zi menga yetkazdi, — deydi Subixon Mamatibragimova shosha-pisha.

— Faqat davlat boji va boshqa ayrim harajatlar uchun oz-moz chiqimi bor, — sekin-asta gapning uchini chiqaradi Xurshida.

U shunday deb davlat boji uchun 1 300 000 so‘m to‘lov qilishi lozimligini, pullarni esa, M. Qayumovadan berib yuborishni aytadi. Natijada ertasi kuni Manzura uning uyidan aytilgan pulni 200 000 so‘m yo‘lkirasiga qo‘shib olib ketadi. Bi­roq «Iroda» bu pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Shundan so‘ng oradan 6 oy o‘tadi. Bu vaqt mobaynida M. Qayumova Subixon opadan avrab-aldab yana pul oladi. 2016 yil 1 iyun kuni esa, X. Sobirovaning o‘zi S. Mamatibragimovaning xonadoniga keladi.

— Mana, uyingizning kadastr hujjatlari. Lekin ish hal bo‘lmayapti. Negaki, Manzura davlat boji uchun bergan pullaringizni o‘zi olgan pullar bilan chalkashtirib yubordi. Shuning uchun uch yuz dollar bersangiz, Toshkent­da hujjatlarni qaytadan rasmiylashtiraman, — deydi u.

Binobarin, bu gaplarga laqqa tushgan xonadon sohibasi 300 AQSh dollarini uning qo‘liga tutqazadi. Ammo koshki edi shu bilan firibgar xonim­ning xakalak otgan nafsi qanoat hosil qilsa?

Aksincha, u 2016 yilning 15 sentyabriga qadar turli vaj-karsonlar bilan Subixon opadan yana 1 300 AQSh dollari va 2 400 000 so‘m oladi. Biroq muammo muammoligicha qolib ketaveradi. Berilgan pullar esa, X. Sobirovaning shaxsiy ehtiyojlariga sarflanib ketadi. Hatto Xurshida unga hovli-joyning kadast hujjatlarini ham qaytarib bermaydi.

Buni qarangki, S. Mamatibragimova 2017 yilning bahor oylariga kelibgina aldanganini anglab yetadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga ariza bilan murojaat qiladi. Natijada mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanadi. Ana shu jarayonlarda X. Sobirova Subixon opaga qo‘ng‘iroq qilib, aslida ismi Iroda emasligi, M. Qayumovaning taklifiga muvofiq o‘zini shunday deb tanishtirgani, olgan pullari hisobidan 3 000 AQSh dollarini qaytarib berishini aytadi. Lekin u ayolni aldab, Rossiya Federasiyasiga jo‘nab qoladi. Oqibatda yuqorida ta’kidlaganimizdek, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilinadi. Ammo Xurshida oradan naq 2 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, rossiyalik qonun himoyachilari tomonidan qo‘lga olinadi.

Yaqinda ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud X. Sobirovani Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «v» bandi (O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 29 avgustdagi 254-II-son Qonuni tahririda) bilan aybdor deb topib, bazaviy hi­soblash miqdorining 150 baravari — 19 536 000 so‘m jarima jazosi tayinladi. Shu bois aybdorga nis­batan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, sud zalida qamoqdan ozod qi­lindi. Shuningdek, sud hukmida Oltiariq tuman prokurorining da’vo arizasiga ko‘ra, sudlanuvchidan 21 257 207 so‘m prosessual chiqim undirish xam belgilandi. Chunki Xurshida Sobirovani Moskva shahridagi 6-sonli tergov hibsxonasidan Farg‘ona shahar 10-sonli tergov hibs­xonasiga keltirish harajatlari shuncha miqdorni tashkil etgan.

Albatta, shu va shu toifa ishlar bilan tanishish asnosida kishida bir talay fikr-mulohazalar tug‘iladi. Xususan, nima uchun ayrim yurtdoshlarimiz yuqori idoralar va ularning mansabdor yoki mas’ul xodimlari nomini sotishdan sira tap tortmaydi? Nahotki, ular ertaga siri fosh bo‘lib, qonuniy jazoga tortilishini hayoliga ham keltirishmasa? Yoki muqaddam firibgarligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, amnis­tiya aktiga binoan javobgarlikdan ozod qilingan Xurshida Sobirova nega bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmadi?

Xo‘sh, firibgarlarning hiyla-nayranglariga ishonib, oqibatda chuv tushib qolayotgan kimsalar-chi? Nega jabr­lanuvchilar yaqinlari yoki mahalla faollari bilan bamaslahat ish tutishmaydi? Axir, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlarning kirdikorlaridan ogoh etuvchi tafsilotlar ozmuncha tarqatilyaptimi?

Shunday ekan, hamisha hushyor va ogoh bo‘lishga nima yetsin!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!