Farg‘onada vodiyda yagona bo‘lgan odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi tashkil etildi
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Farg‘ona viloyati bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida viloyat sektorlari rahbarlari, soha mutaxassislari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov jamoani yangi qiyofa kasb etgan bino bilan qutlab, adolatni qaror toptirish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish, jinoyatlar va huquqbuzarliklarni aniqlash masalalarida mazkur markazning xizmati katta ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Prezidentimiz farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 yanvardagi qaroriga asosan viloyatimizda Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi tashkil etilganligi soha rivojida muhim voqea bo‘lganligini, aholi uchun qulaylik yaratilganligini bildirdi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi rahbari Akram Xalilovlar so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori, sud huquq tizimining ajralmas qismi, muhim bo‘g‘inlaridan sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham keng islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, sud ekspertizalarining samaradorligini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali, odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganligini alohida e’tirof etishdi.
Joriy yilning uchinchi choragida Farg‘ona viloyat bo‘limiga murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan 1 mingdan ortiq ekspertizadan o‘tkazish uchun materiallar kelib tushgan. Turli sohalar bo‘yicha 1400 dan ortiq savollar ko‘rib chiqilgan, 1 mingdan ortiq holatlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ekspertiza tadbirlari tayinlanib, jarayonda 4900 tadan ortiq ob’ektlar o‘rganilgan, 7780 ta tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Haqiqiy holatni dalillar bilan aniqlash uchun bugungi kunda Farg‘ona viloyat hududiy bo‘limida barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bu yerni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida zamonaviy uskuna va jihozlar, jumladan, DNK ekspertiza laboratoriyasiga qariyb 600 ming dollar miqdorida jihozlar xarid qilindi.
Ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.