Farg‘onada tibbiyot xodimi korrupsiyaga nega qo‘l urdi?

Farg‘onada tibbiyot xodimi korrupsiyaga nega qo‘l urdi?

Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 4 nafar sog‘liqni saqlash mansabdor shaxslari korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Mamlakatimizda boshqa sohalar kabi tibbiyotda ham korrupsiyaga qarshi kurashish, tamagirlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Ammo shunga qaramasdan ba’zi bir shifokorlar o‘z nafsini jilovlay olmasdan, sharafli kasbga dog‘ tushirmoqda. Farg‘ona viloyatida ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan shu kabi salbiy holatlarga chek qo‘yildi. 

Bag‘dod tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli bolalar poliklinikasining travmatolog-ortopedi Murodjon Qosimov ham ana shunday jirkanch ishga qo‘l urdi. U T.Qurbonovga voyaga yetmagan farzandini Bag‘dod tumanlararo tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasida ishlovchi tanishlari orqali nogironlik nafaqasiga chiqishiga yordam berishini aytib, pul tama qildi. Farzandini pora berish evaziga nogironlik nafaqasiga chiqishi haqiqiy insonga xos bo‘lmagan xususiyatligini bilib, ota bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qildi.

O‘tkazilgan tadbirda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining hovlisida bolalar shifokori M.Qosimov arizachi T.Qurbonov bilan uchrashib, 300 ming so‘m pullarni olgan vaqtida ushlanib, undan maxsus kimyoviy ishlov berilgan hamda “Pora-2019” yozuvlari yozilgan pullar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudi tomonidan unga tegishli jazo tayinlandi.

Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy -tadqiqot instituti Farg‘ona viloyati bo‘linmasi katta ilmiy xodimi M. Adhamov ham o‘z xizmat vazifalarini bajarish o‘rniga tamagirlikni ma’qul bildi. U Quvasoy shahar, Farg‘ona, Quva va Toshloq tuman tibbiyot birlashmalarida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda aniqlangan qonunbuzilish holatlarini tekshirish yakuni bo‘yicha tuziladigan ma’lumotnomaga yozmaslik uchun tekshirish o‘tkazilgan birlashma boshliqlariga, tekshirishga mas’ul bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi yetakchi mutaxassisiga pora berish kerakligini aytgan.

Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda M.Adhamov Quva tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ini Farg‘ona shahridagi “Tojmahal” mehmonxonasi yoniga chaqirgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi yetakchi mutaxassisiga aniqlangan qonunbuzilish holatlarini tekshirish yakuni bo‘yicha tuziladigan ma’lumotnomaga yozmaslik uchun 100 AQSh dollari berishga undagan va tekshirish uchun mas’ul bo‘lgan M.Kga kimyoviy ishlov berilgan pul mablag‘larini uning cho‘ntagiga solib qo‘ygan vaqtda ushlangan va ushbu pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shifokorlik mas’uliyatli va sharafli kasb bo‘lib, uning nafaqat, egnidagi xalati, balki ko‘ngli ham oq bo‘lishi kerak. Aks holda uning qadr-qimmati, sha’niga dog‘ tushadi, salbiy harakatlari tufayli boshqalar aziyat chekishda davom etaveradilar. Qolaversa, oq xalatga tushgan dog‘ni yuvsa bo‘ladi, biroq sha’nga tushgan dog‘ tamg‘adek muhrlanib qoladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!