FARG‘ONA VOQEALARI: Qilg‘iliqni qilgan vazirligu, aybdorni bizdan izlashayapti (Video)
O‘zAda chiqqan “Sahnalashtirilgan qabul” yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Farg‘ona viloyatiga nega kelgandi?” sarlavhali maqola internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lmoqda.
Kun.uzning “Vazir sayyor qabuli «sahnalashtirilgan»mi yoki kimlardir atayin uyushtirganmi? Voqea qatnashchilari bilan «farg‘onacha» suhbat” sarlavha ostidagi surishtiruvida vazirlikning Marg‘ilon shahridagi vakili Tolib Asomiddinov nomidan go‘yo 6-MTM rahbari Shohista Axunova Zarifa Xolmuhamedova va Ziyoda Shamsutdinovalarni ishga qabul qilish haqida 2019 yil 28 iyun kuni №25-sonli buyruq chiqargan, deb iddao qilinadi:
«Men u qizlarni o‘sha kuni qabul joyida ko‘rdim. Ikki qiz o‘zlari kelib aynan o‘sha bog‘chada vakansiya borligini aytishdi. Men o‘sha joyga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdim. Bog‘cha mudirasi tomonidan buyruq ham tayyorlangan. Biz boshqarmaga buyruqning elektron shaklini ham tashlab berdik. Bu uyushtirilgan. Bu «podstava» bo‘ldi. Mudirani ham tanirdim. Borib nega ishlaydigan odamlarni jo‘natganini so‘radim. Juma kuni qabul bo‘lsa, shanba kuni buyruq chiqyapti”.
Biz Shohista Axunova bilan yana uchrashdik.
— Qilg‘ilikni qilgan vazirligu, bizdan aybdorni izlaydi Kun.uz, – dedi Shohistaxon. – Men Zarifa Xolmuhamedova va Ziyoda Shamsutdinovalarni vazir qabuliga yubormaganman, ularni ishga qabul qilish haqida 28 iyun kuni 25-sonli buyruq chiqarmaganman. Agar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida shunday buyruq bo‘lsa, imzo meniki emas, soxta bo‘lishi kerak. Biz ekspertiza texnologiyasi rivojlangan davlatda yashaymiz. Agar Kun.uz ta’kidlagan buyruq bo‘lsa, men uni ekspertizaga berib, u qaysi kompyuterda biznikidami, vazirliknikidami yozilgan, imzo soxtami-haqiqiymi aniqlab berilishini talab qilaman.
Qiziq holat: O‘zAda “Sahnalashtirilgan qabul” yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Farg‘ona viloyatiga nega kelgandi?” maqolasi 1 iyul, kech soat 23:00 da e’lon qilingan. 2 iyul kuni ertalab soat 9 da Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov boshliq o‘rganish guruhi Kun.uz muxbirini olib, Toshkentdan Farg‘onaga yetib kelgan. Tezkorlikka qoyil qolish kerak, albatta. Lekin savollar bisyor.
Nega Kun.uz materialida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri SH.Kudbiyevning Farg‘onaga kelish sabablaridan biri aslida Vodildagi qarindoshinikiga to‘yga borish uchun ekani, Rishtondagi choyxonada o‘rinbosari bilan aysh-ishrat qilib, uchovlon 5 shisha aroqni ichishib, choyxona hududidagi avtomashinasiga barchaning ko‘z o‘ngida bazo‘r chiqarib qo‘yilgani haqida lom-mim deyilmagan. Buning sababi, o‘sha choyxonadagi xijolatli vaziyat ishtirokchilaridan (qahramonlaridan deyishga tilimiz bormadi) biri vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning o‘zi ekanidamikan?
Yana bir savol. O‘zi ishtirokchisi bo‘lgan voqealarni o‘rganish ishchi guruhiga vazir o‘rinbosari B.Umrzoqovning o‘zi rais bo‘lishi ham qanchalar mantiqli? Nega Kun.uz muxbiri vazirning sahnalashtirilgan qabuli fotosuratlarini maqolaga ilova qilganu, choyxonada vazirlik rahbarlarini qo‘ltiqlab olib chiqib avtomashinaga o‘tkazishayotgan suratlarni kiritmagani ham taajjubli. (Holbuki bunday suratlar mavjudligini aytishadi…)
— Vazir o‘rinbosari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda barcha aybni viloyat mas’ullariga yuklab qo‘ymoqchi bo‘lyapti, — deydi tizim mutaxassislaridan biri. – Axir o‘zlari-ku tashkilotchi va ishtirokchi….
Lekin quvonchli bir xabar ham bor. O‘zAda maqola chiqqach, vazir o‘rinbosari bosh guruh “Sahnalashtirilgan qabul”da ism-familiyalari qayd etilgan barcha haqiqiy ishsizlarni birma-bir yurib ishga joylayaptilar. Shunisidan xursandmiz.
