Tailand bepul davolanishdan kelib chiqadigan xarajatlarni kamaytirish uchun sug‘urta talab qilmoqchi
Tailand hukumati mamlakatga kirish qoidalarini kuchaytirib, barcha chet ellik sayyohlar uchun majburiy tibbiy sug‘urta joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Agar qaror qabul qilinsa, sug‘urtasiz turistlarga mamlakatga kirish taqiqlanishi mumkin.
Davlat shifoxonalari uzoq vaqtdan beri xorijlik bemorlarni davolash xarajatlari og‘ir yuk bo‘layotganini bildirib keladi. Rasmiylar bu vaziyatni “dunyo bo‘ylab kelgan sayyohlar uchun bepul xizmat ko‘rsatuvchi shifoxonalar”ga o‘xshatishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tailand har yili sayyohlarni davolash uchun millionlab dollar sarflaydi. Eng ko‘p uchraydigan holatlar — issiq iqlimga moslasha olmaslik, ovqatdan zaharlanish va mototsikldagi yo‘l transport hodisalari.
Mutaxassislar fikricha, majburiy sug‘urta joriy etilishi sayyohlar xavfsizligini oshiradi. Sug‘urta bo‘lmasa, oddiy davolanish ham juda qimmatga tushishi mumkin — holatga qarab yuzlab yoki minglab dollar.
Yangi tizimga ko‘ra, sug‘urta hujjatlari aeroportlarda yoki chegara nazoratida tekshirilishi mumkin. Agar turistda sug‘urta bo‘lmasa, unga kirish rad etilishi ehtimoli bor.
Hukumat shuningdek, har bir sayyohdan kichik turizm yig‘imi olish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu mablag‘lar tibbiy xizmatlar va turizm infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar bu tendensiya boshqa Osiyo davlatlarida ham tarqalishi mumkinligini istisno qilishmayapti.
