Ziyoviddin Xodjiniyazov – Xalqaro Kurash assosiasiyasining Birinchi vise-prezidenti etib saylandi
Xalqaro Kurash assosiasiyasi-IKA Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan o‘nga yaqin masala doirasida tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va kelgusi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, Shveysariya, Italiya va Shri-Lanka Kurash federasiyalarining IKA a’zoligiga qabul qilinishi masalasi yuzasidan fikr almashildi. Mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati doirasida tashkil etiladigan IKA Kongressi muhokamasiga kiritilishi belgilandi.
Shuningdek, qit’aviy chempionatlarni tizimli ravishda tashkil etish, hamda Xalqaro ko‘zi ojizlar sporti federasiyasi (IBSA) dasturi doirasida Kurash musobaqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Bu tashabbuslar Kurashning qamrovini kengaytirish va uni inklyuziv sport turi sifatida rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilishga raislik qilgan IKA Prezidenti Haydar Farmon tashkiliy masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, uzoq yillar davomida tashkilot Birinchi vise-prezidenti sifatida samarali faoliyat yuritgan, hindistonlik davlat va jamoat arbobi Jagdish Tatlerning iste’fo haqidagi murojaati Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi.
IKA Birinchi vise-Prezidenti lavozimga IKAning xalqaro hamkorlik va o‘yinlar bo‘yicha vise-prezidenti sifatida faoliyat olib borayotgan Ziyoviddin Xodjiniyazov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.
Ziyoviddin Xodjiniyazov Kurash harakatida katta tajriba va mustahkam nufuzga ega mutaxassislardan biri hisoblanadi. U 2000 yildan buyon Xalqaro Kurash assosiasiyasi tizimida turli mas’ul lavozimlarda, jumladan, Xalqaro aloqalar departamenti direktori, Bosh kotib o‘rinbosari, shuningdek, Osiyo Kurash konfederasiyasi Bosh kotibi sifatida faoliyat yuritgan.
Uning bevosita ishtirokida va tashkiliy salohiyati tufayli Kurash bo‘yicha 100 dan ortiq nufuzli xalqaro turnirlar, qit’a va jahon chempionatlari, shuningdek, Osiyo o‘yinlari doirasidagi musobaqalar yuqori darajada tashkil etilgan.
Mazkur tayinlov Kurashni xalqaro maydonda yanada tizimli rivojlantirish, uning nufuzini oshirish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadamdir.
