Bokuda BMTning urbanizasiya bo‘yicha yirik forumi bo‘lib o‘tadi
Boku shahrida BMTning urbanizasiya bo‘yicha eng yirik global forumi — WUF13 bo‘lib o‘tadi.
2026 yilning 17–22 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon shaharlar forumi o‘n uchinchi sessiyasi (WUF13) bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli tadbir shaharlarni barqaror rivojlantirish va zamonaviy urbanizasiya masalalariga bag‘ishlangan jahondagi eng asosiy, bosh platforma hisoblanadi.
BMTning aholi punktlari bo‘yicha dasturi (UN-Habitat) va Ozarbayjon hukumati hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu Forum davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillarini yagona muloqot maydonida birlashtiradi.
Jahon shaharlar forumi (WUF) ilk bor 2001 yilda BMT tomonidan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri — jadal urbanizasiya jarayonlarini hamda uning jamiyatlar, iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi va siyosatga ta’sirini o‘rganish maqsadida ta’sis etilgan. 2002 yilda Nayrobida (Keniya) bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishdan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan mazkur Forum o‘z ko‘lami va qamrovini muttasil kengaytirib bormoqda.
Bugungi kunda WUF ilg‘or tajribalar va innovasiyalar bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, barqaror urbanizasiya muammolarini hal qilish uchun yuqori darajadagi ochiq va inklyuziv minbar sifatida e’tirof etiladi.
Bokuda o‘tkaziladigan navbatdagi Forumda qator dolzarb masalalar muhokama qilinib, quyidagi ustuvor maqsadlarga erishish ko‘zlangan:
• Aholi va barcha manfaatdor tomonlarning barqaror urbanizasiya haqidagi xabardorligini oshirish;
• Ochiq bahs-munozaralar, siyosiy yondashuvlar va tajriba almashinuvi orqali shaharlarning barqaror taraqqiyoti bo‘yicha umumiy bilimlarni boyitish;
• Ushbu jarayonga jalb qilingan turli soha vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.
Ozarbayjon mezbonlik qiladigan WUF13 doirasida qator yirik tadbirlar, xususan, assambleyalar, maxsus sessiyalar, muloqotlar va davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar BMT, Ozarbayjon hukumati va boshqa hamkorlar tomonidan tashkil etiladigan «Urban Expo» yirik ko‘rgazmasida shaharsozlik sohasidagi eng so‘nggi yechimlar bilan tanishishlari mumkin.
Asosiy dasturdan tashqari, Forumda hamkor tashkilotlar tomonidan yettita yo‘nalishda maxsus tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
• «Harakatdagi Barqaror rivojlanish maqsadlari» (SDGs in Action);
• «Yagona BMT» (ONE UN);
• «Shaharlar ovozi»;
• Aloqalarni mustahkamlashga oid uchrashuvlar (Networking Events);
• WUF akademiyasi anjumanlari;
• «Shahar kutubxonasi» (Urban Library);
• «Shahar kinosi» (Urban Cinema).
Mazkur Jahon shaharlar forumi global kun tartibidagi eng muhim urbanistik yondashuvlarni ishlab chiqish va kelajak shaharlarining qiyofasini belgilab berishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda
