AQShda “Grin karta” va immigrasiya vizalari uchun tekshiruvlar kuchaytirildi
AQShda “Grin karta” va immigrasiya vizalari uchun tekshiruvlar kuchaytirildi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Telekanalning ichki hujjatlaiga tayanib xabar berishicha, Donald Tramp ma’muriyati migrantlarning ayrim toifalari uchun yangi tekshiruv choralarini joriy qilgan.
Ma’lum qilinishicha, kuchaytirilgan tekshiruvlar boshpana so‘rash, “Grin karta” (doimiy yashash huquqi), AQSh fuqaroligini olish (naturalizasiya), qarindoshlar yoki unashtirilganlar uchun topshirilgan homiylik arizalari kabi imtiyozlarni so‘rab topshirilgan arizalarga taalluqlidir.
Yangi qoidalarga ko‘ra, AQSh Fuqarolik va immigrasiya xizmati xodimlariga kuchaytirilgan tekshiruvdan o‘tmagan har qanday arizani tasdiqlash taqiqlanadi. O‘tgan haftada immigrasiya xizmati xodimlariga yo‘riqnoma yuborilgan. Unga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan arizalar Federal qidiruv byurosi (FQB) bazasi orqali qaytadan tekshiriladi. Bu chora Trampning fevral oyidagi farmoni bilan bog‘liq.
Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga qaytganidan beri migrasiya qoidalari bir necha bor murakkablashtirildi. Endilikda arizachilarning ijtimoiy tarmoqlari “antiamerikacha” qarashlar yoki faoliyatlar bo‘yicha tekshirilmoqda. Ko‘plab migrasiya ishlari sekinlashgan yoki butunlay to‘xtatilgan. Milliy xavfsizlik iddao qilinib, 39 ta davlat fuqarolaridan huquqiy migrasiya so‘rovlarini qabul qilish muzlatib qo‘yilgan.
