Braziliyadan shov-shuvli bayonot: Neymarni mundialga olib borish xato!
"PSJ" va “Bavariya” o‘rtasidagi Chempionlar ligasi yarim finalining dastlabki uchrashuvi (5:4) butun dunyoda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va bu bahs muhokamasi davom etmoqda. Braziliyada ko‘pchilik ushbu uchrashuvdan hayratda qoldi, biroq mashhur tahlilchi Valter Kazagrande bu uchrashuv orqali Neymarni ayovsiz tanqid qilish yo‘lini topdi.
- Neymarni oling, kecha Janubiy Amerika kubogida “San-Lorenso”ga qarshi o‘ynagan o‘sha Neymarni aytyapman. Uni "PSJ" va “Bavariya” uchrashuvining markaziga qo‘ying-chi. Uni maydonda qanday tasvirlaysiz? Uning qilgan ishlarini, ko‘rsatgan shijoatini (intensivligini) oling-da, "PSJ" va “Bavariya” darajasiga qo‘ying.
Neymar maydonda xuddi yo‘lini yo‘qotgan suvarakdek har tomonga alanglab, aylanib yurgan bo‘lardi. To‘pga tegishga ham ulgurmasdi. Bunday darajadagi o‘yinlarni ko‘rib turib, Neymarni jahon chempionatida o‘ynashga qodir, deb aytish qiyin, - dedi Valter Kazagrande.
Ta’kidlash joizki, Neymar Braziliya terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatiga borishni istayapti. Bosh murabbiy Karlo Anchelotti faqat eng yuqori darajadagi tayyorgarlikka ega o‘yinchilarni chaqirishini ta’kidlagan.
Neymar esa, keyin bir necha mavsum davomida yuqori darajada o‘yin ko‘rsatgani yo‘q, qolaversa, uning jarohatlarga moyil bo‘lib qolgani sport formasini to‘liq tiklashga yo‘l qo‘ymayapti.
