“Daraxtlar reestri" loyihasi doirasidagi o‘quv kurslari birituvchilariga sertifikatlar topshirildi

Markaziy Osiyo atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida ("Green University") “Daraxtlar reestri" loyihasi doirasidagi o‘quv kurslari bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonlariga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, "Green University" hamda Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Tadbira nutq so‘zlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov yoshlarning ekologik bilimlari, ko‘nikmalari va mas’uliyatini oshirish atrof-muhit muammolarini hal qilishning eng samarali yo‘li ekanligini ta’kidladi.
"Bugungi kunda ekologik muammolar dolzarb tus olmoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, yashillik darajasining yo‘qolib borishi albatta tabiatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu muammolarni hal qilishda esa yoshlarning o‘rni, ahamiyati katta, — dedi vazir. — Mazkur loyiha siz yoshlarning ekologik bilimlaringizni yanada oshirishga, jumladan, daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish borasida yetarlicha ko‘nikmaga ega bo‘lishingizga yordam beradi. Ishonamanki, birgalikda daraxtlarni asrab-avaylash va yashillik darajasini oshirish borasida ko‘plab ishlarni amalga oshiramiz".
Tadbir davomida yoshlar ularga bildirilayotgan ishonchni oqlashga astoydil harakat qilishlarini bildirishdi. O‘z navbatida vazir ularni qiziqtirgan savollarga javob berib, yoshlarning intilishlari, tashabbuslari har doim qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, o‘quv kurslari davomida umumiy ekologik bilimlarni oshirish, O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari, dendrologik bilimlarni mustahkamlash, daraxt turlari va yoshini aniqlash, daraxtlarning kasallanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni to‘g‘ri parvarishlash, sug‘orish tizimlarini o‘rganish, geodeziya va GNSS qurilmalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
"Daraxtlar reestri" loyihasi Toshkent shahri hududidagi barcha daraxt turlarini aniqlash va ularning biologik xususiyatlarini belgilash, har bir daraxt turi va uning ekotizimdagi roli, shuningdek, shahar iqlimiga ta’siri haqida ma’lumot to‘plash, daraxtlarning shahardagi iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanligini o‘rganish, shaharni iqlim o‘zgarishlariga tayyorlash hamda ma’lumotlar bazasini yaratish, daraxtlarning turi, joylashuvi, yoshi, holati va ekologik xususiyatlari haqida tizimli ma’lumotlarni saqlashga xizmat qiladi.
Qolaversa, kursning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Toshkentning ekologik holatini yaxshilash, shaharni barqaror rivojlantirish va yashil infratuzilmani kuchaytirishni ta’minlaydi.