"Amerika ovozi" va "Ozodlik" radiolari o‘z faoliyatini to‘xtatdi – Reuters

Reuters'ning xabar berishicha, "Amerika ovozi" va "Ozodlik" radiolari o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
"83 yil davomida birinchi marta afsonaviy “Amerika ovozi” sukutga cho‘mganidan chuqur xafaman," - deya yozdi uning direktori Maykl Abramovis. U 1300 dan ortiq jurnalist, prodyuser va radio xodimlariga ta’tilga chiqarilganlari haqida elektron xat yuborilganini ta’kidladi.
AQShning Global media agentligi (USAGM) nafaqat "Amerika ovozi"ni, balki "Ozodlik radiosi" va "Ozod Osiyo radiosi"ni (Xitoy, KXDR, Myanma, Kambodja va boshqa mamlakatlarda eshittirishlar olib boradi) moliyalashtirishni to‘xtatdi.
Mablag‘ ajratish AQSh prezidenti Donald Trampning federal hukumatni qisqartirish to‘g‘risidagi farmoni tufayli to‘xtatib qo‘yildi. O‘tgan oyda AQShda davlat xizmatidagi 100 mingga yaqin o‘rinni qisqartirgan Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask ushbu ommaviy axborot vositalarini yopishga chaqirgan edi.
"Amerika ovozi" radiosi 1942 yilda fashistlar Germaniyasining targ‘ibotiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan. "Ozodlik radiosi" 1950 yildan beri faoliyat yuritmoqda. U dastlab Sharqiy Yevropaning kommunistik mamlakatlarida, 1953 yildan boshlab esa SSSRda ham efirga uzatila boshlagan.
Tramp USAGM rahbari etib konservativ faol Brent Bazelni, "Amerika ovozi" rahbari etib esa sobiq teleboshlovchi va Arizona shtatidan senatorlikka sobiq nomzod Karu Leykni tayinladi (hozircha u ushbu radioda katta maslahatchi), ularning nomzodlari Senat tomonidan tasdiqlanmadi. Ikkalasi ham respublikachining azaliy tarafdorlari. Leyk USAGMni "amerikalik soliq to‘lovchilar uchun ulkan yuk" deb atadi va uni "qutqarib bo‘lmasligini" aytdi. Uning aytishicha, agentlik minimumgacha qisqartiriladi.
"Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi" mediakorporatsiyasi bayonot berib, AQSh hukumatidan moliyalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risidagi hujjatni olganini ma’lum qildi.
Mediakorporatsiya prezidenti Stiven Kapus mediakorporatsiya saytida e’lon qilingan bayonotida grant kelishuvining bekor qilinishi "Amerika dushmanlari uchun ulkan sovg‘a bo‘lishini" aytadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 14 mart kuni AQSh hukumatining Global ommaviy axborot vositalari agentligi (USAGM) va boshqa hukumat tuzilmalari faoliyatini sezilarli darajada qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. USAGM RSE/RS media korporasiyasi va "Amerika ovozi" radiostansiyasini nazorat qiladi. Tez orada USAGM xati haqida ma’lum bo‘ldi. Hujjatda AQSh Kongressi tomonidan ma’qullangan RSE/RSni moliyalashtirish grantining amal qilishini to‘xtatish haqida so‘z boradi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi AQSh Kongressi rahbarlarini USAGMni Tramp farmonidan himoya qilishga chaqirdi.