Buyuk Britaniyaning Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida Navro‘z bayrami nishonlandi

Buyuk Britaniyaning Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida Navro‘z bayrami nishonlandi

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan dunyoning eng nufuzli harbiy ta’lim muassasalaridan biri - Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida Navro‘zi olam tadbirlari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda mazkur akademiyada tahsil olayotgan xorijiy mamlakatlar kursantlari, shu jumladan O‘zbekiston vakillari, ta’lim muassasasi rahbariyati, shuningdek, Londonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus qatnashdi.

Ishtirokchilarga Navro‘z tarixi, uni milliy an’ana va urf-odatlarga muvofiq turli mamlakatlarda nishonlashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berildi. Navro‘z qadriyatlari tinchlik va totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, saxovat va muruvvatga da’vat ekani ta’kidlandi. Ana shu xususiyatlar tufayli Navro‘z nafaqat o‘zbek xalqi, balki millati, tili va dinidan qat’iy nazar O‘zbekistonda ahil-inoq yashayotgan barcha 130 millat va elat vakillari uchun ham qadrli bayramga aylandi.

Bayram tantanalari doirasida o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari burchagi tashkil etildi.

Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasi kursanti Timur Shermatov:

— Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar! Biz Britaniyaning Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida 20 dan ortiq davlatlardan kelgan harbiy xizmatchilar bilan birga tahsil olayapmiz. Darslar juda intensiv ravishda yuqori darajada olib borilmoqda. Bizga ta’lim berayotgan instruktorlar va murabbiylar ham yuqori malakaga ega. Ishontirib aytamanki, bu yerda egallagan ko‘nikmalarimizni jonajon O‘zbekistonimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashga safarbar qilamiz.

Navro‘zingiz muborak bo‘lsin aziz vatandoshlar!

Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasi kursanti Timur Soatov:

— Akademiyada faqat nazariy bilimlargina emas, balki amaliy ko‘nikmalar hamohang tarzda olib boriladi. Sport va harbiy mashg‘ulotlardan tashqari ko‘ngilochar tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Masalan, yaqinda madaniyat kechasi tashkil etildi. Unda turli davlatlardan kelgan kursantlar o‘z urf-odatlarini namoyish qildilar. O‘z navbatida O‘zbekiston vakillari tomonidan taqdim etilgan madaniy dastur barchaga manzur bo‘ldi.

Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizni Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!