Bo‘stonliqda sudyalar uchun gender tengligi mavzusida trening bo‘lib o‘tdi
2022 yil 13 iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Sud amaliyotida gender yondashuvi” mavzusida boshlangan trening bugun ham davom etdi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi...
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy Kengashi Huzuridagi Sudyalar Oliy Maktabi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirning maqsadi sud tizimida ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash sohasida vakolatli shaxslarning salohiyatini oshirishdan iborat.
Tashkil etilgan ushbu tadbirda respublika sudlaridan tashrif buyurgan sudyalar hamda Sudyalar oliy maktabi vakillari ishtirok etishyapti.
— Treningni trenerlar – gender tengligi, ijtimoiy-iqtisodiy tahlil bo‘yicha mutaxassis Nigar Gapparova hamda USAIDning “O‘zbekistonda sud tizimini mustahkamlash” dasturining gender va ijtimoiy tenglik bo‘yicha mutaxassisi Malika Inakova olib borishdi. Trening davomida gender tenglik huquqi masalasida xalqaro standartlarni muhokama qilindi hamda ushbu sohada mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlardan yaqindan boxabar bo‘ldik, - deydi Toshkent tumanlararo sudi sudyasi Nodir Xidirov.
Ta’kidlash joiz tadbir dasturi doirasida quyidagi masalalar maxsus mashg‘ulotlar va interfaol o‘yinlarni qo‘llagan holda atroflicha o‘rganildi:
- Inson huquqlari va erkinliklari. Inson qadr-qimmati. Inson huquqlari tamoyillari.
- Diskriminasiya tushunchasi. Turlari, namoyon bo‘lishi, shart-sharoitlari va oqibatlari.
- Gender stereotiplari.
- Ayollar huquqlari. Gender tengligi.
- Inson huquqlarini himoya qilish va gender tengligini rag‘batlantirish vositalari. Xalqaro va milliy huquqiy hujjatlar.
- O‘zbekistonning gender qonunchiligi. “Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar.
- Sud tizimida gender tengligi bo‘yicha vakolatli shaxsning vazifalari.
- Jamiyatda gender tengligini ta’minlash va zo‘ravonlikdan himoya qilishda sud hokimiyatining o‘rni.
Ikki kunlik mashg‘ulotlar davomida urg‘u berilgandek, 2019 yilda diskriminasiya yoki tazyiqqa uchraganda sudga murojaat qilishni ko‘zda tutadigan O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunlari qabul qilindi.
Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash jamiyatda tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashning asosiy omillaridan biriligi inobatga olgan holda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. E’tiborlisi, ushbu strategiyaning barcha yo‘nalishlari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ravishda shakllantirilgan.
Trening jarayonida amaliyotda ayollar ishtirokidagi sud ishlarida gender masalalari tahlil qilindi va mazkur yo‘nalishda sudyalarning amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Tadbir faol fikr almashish shaklida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.