Bola sotmoqchi bo‘lgan “oshiq-ma’shuq”lar ustidan hukm o‘qildi

Bola sotmoqchi bo‘lgan “oshiq-ma’shuq”lar ustidan hukm o‘qildi

Asli Samarqand viloyatining Narpay tumanilik R. F. ismli ayol oilasi buzilgach, ikki nafar bolasi bilan Uchquduq shahriga keladi.

Shaharda ijaraga uy olib, bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullana boshlaydi. Ko‘p o‘tmay kichik o‘g‘lini begona bir ayolga vasiylikka berib, oilali, ikki nafar farzandning otasi bo‘lgan I. A. bilan tanishadi. Kafe-barlarda sang‘ib yurishlar, oxir-oqibat shar’iy nikoh va homiladorlik bilan yakun topadi.

4 aprel kuni ko‘zi yorigan ona farzandidan “qutilish” va daromad olish ilinjiga tushadi. Tanishlariga o‘z qarorini ma’lum qilib, ular orqali xaridor axtaradi.

Yaqin odamlari “xaridor” deb tanishtirgan ayol bilan 10 000 000 (o‘n million) so‘mga “baholangan” bola uchun hozircha 2 500 000 so‘m olishni, qolgan mablag‘ hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilganidan so‘ng berilishiga kelishiladi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek ketayotgan edi, go‘yo. Biroq tuman ichki ishlar xodimlarining tezkor harakatlari tufayli jinoyatga chek qo‘yildi.

“Hayvonot dunyosida biror jonzot bolasini tashlamaydi. Bitta emas, beshta bolalagan it ham birorta kuchugini birov olib ketsa, uvullab yig‘laganini ko‘rganmiz. Ammo, dunyoda aqli bilan hayvondan farq qiluvchi odamzod avlodi keyingi paytda hayvon qilmaydigan ishlarni qilayotganidan, yoqa ushlaysan kishi. Axir, o‘z farzandini tug‘iboq bo‘g‘ib, axlat qutisiga tashlab ketayotganlar, sellofanga o‘rab, tiriklayin ko‘mib qo‘yganlar, hojatxonaga tashlab yuborayotganlar ham inson zotidan. Shunday holatlarni eshitganda kishi darrov o‘yga toladi: nahotki inson shunchalar tubanlikka borishi mumkin?”, - deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi Jahongir Karimov.

Bu kabi voqea-hodisalarning hayotimizda tobora ko‘payib borayotganining asl sababini qidiradigan bo‘lsak, yana gap o‘sha tarbiyaga borib taqalaveradi. Qiz o‘stirayotgan onalar farzand ko‘rish ayol uchun eng oliy baxt ekanini ularning qulog‘iga quymayapti? Otalar-chi, o‘g‘liga ayol uning naslining davomchisini dunyoga keltirishini, shuning uchun uni hamisha asrab-avaylash zarurligini uqtira olmayapti?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudida R. F. va uning jinoiy sherigi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilgan holda R. F.ning “ma’shug‘”i I. A. 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, “ona” nomiga dog‘ tushirgan ayolga 5 yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!