Bojxonachilar 1,6 mlrd so‘mlik sigaretlarning soxta tranzitini fosh qilishdi

Bojxonachilar 1,6 mlrd so‘mlik sigaretlarning soxta tranzitini fosh qilishdi

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor xodimlari tomonidan DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan keng ko‘lamdagi tezkor tadbirda tamaki mahsulotlarining soxta tranzitiga chek qo‘yildi.

“Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga xorijdan keltirilgan va respublikamizdan tranzit tarzida qo‘shni davlatga olib chiqib ketilishi belgilangan 2 turdagi 110 776 quti sigaret, shu jumladan chilim uchun tamaki mahsulotlari “Jartepa” chegara-bojxona postiga yo‘naltiriladi.

Ammo, “Jartepa” chegara bojxona postiga yetib kelgan yuk avtotransport vositasi inpeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, uning yukxonasi bo‘sh ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida yuk mashinasiga ortilgan tamaki mahsulotlari Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi xonadonlardan biriga tushirib qoldirilganligi fosh qilindi.

Shuningdek, xonadondagi “Kobalt” avtomashinasi yukxonasida ham 3680 quti chilim uchun tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shunday qilib, mazkur holatda jami qiymati 1 620 828 000 so‘mlik 114 446 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Natijada, davlat byudjetiga yetkazilishi muqarrar bo‘lgan 1 581 786 000 so‘mlik zarar ham o‘z vaqtida bartaraf etildi.

Eslatib o‘tamiz, respublikamiz bojxonachilari 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 55 ta holatda qiymati salkam 19 mlrd. so‘mlik 695 ming donaga yaqin tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qo‘yishdi. Olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlarining miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan taqqoslanganda salkam 5,5 barobarga ortgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!