BAAda ravvin Koganning o‘ldirilishida gumonlangan uch kishi hibsga olindi
BAAda Isroil fuqarosi, 28 yoshli Zvi Koganning o‘ldirilishida gumon qilingan uch nafar shaxs qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi BAA ichki ishlar vazirligiga tayanib. Hozircha hech qanday ayblov e’lon qilinmagan.
Kogan yahudiylarning "Xabad" diniy harakati vakili, ravvin edi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasi ushbu hodisani “dahshatli antisemit terror akti” deb e’lon qilib, jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da berdi.
Idora, shuningdek, Mossad razvedka xizmati tergovda ishtirok etayotganini tasdiqladi.
Abu Dabi va Tel-Aviv 2020 yil oxirida AQSh vositachiligida tuzilgan “Ibrohim kelishuvi” doirasida munosabatlarni iliqlashtirganidan so‘ng, Kogan arab mamlakatida yashashni boshlagan va Kogan "Xabad"ning Amirliklardagi elchisi bo‘lgan. Shuningdek, u bosqinchi armiyasining «Givati» brigadasida xizmat qilgan.
Hodisadan so‘ng Isroil o‘z fuqarolariga BAAga zarur bo‘lmagan sayohatlardan qochish bo‘yicha maslahatni qayta e’lon qildi va mamlakatdagi isroilliklarga xavfsiz hududlarda qolib, harakatni minimallashtirishni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil nashrlari Mossad razvedka xizmatiga tayanib, ravvin 3 nafar O‘zbekiston fuqarolari tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va o‘ldirilganini xabar qilgan edi.