Eron Yadroviy qurolni tarqatmaslik shartnomasidan chiqish bilan tahdid qilmoqda

Eron Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT)dan chiqishi va g‘arb tomonidan qo‘llanilayotgan sanksiya bosimi kuchaysa, uranni 60 foizdan yuqori darajada boyitishni boshlashi mumkin.
Bu haqda Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi matbuot kotibi Ibrohim Rizoiy Tasnim agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Eron hozircha o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanayotgani yo‘q va zarurat tug‘ilsa, boshqa strategik variantlarga ham murojaat qilishi mumkin.
“Bosim Eronni shartnomadan chiqish, uranni 60 foizdan yuqori boyitish, ilg‘or sentrifugalar ishlab chiqarish va eksport qilish, hamda yadroviy hamkorlikni kengaytirish haqida o‘ylashga majbur qilmoqda”, — dedi Rizoiy.
Shuningdek, u qayd etdiki, Eron ixtiyoriy ravishda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlik qilish bo‘yicha qo‘shimcha protokol ijrosini to‘xtatib qo‘ygan, biroq haligacha NPT a’zosi hisoblanadi. Ammo tashqi bosim davom etsa, Tehronning siyosati o‘zgarishi mumkin.