Fransiyada 10 nafar polisiya xodimi jarohat oldi

Fransiya g‘arbidagi Limoj kommunasida tungi tartibsizliklar vaqtida qurolli bezorilar pistirmasiga uchragan 10 nafar polisiyachi yaralandi.
Bu haqda Le Figaro gazetasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, shanbaga o‘tar kechasi yuzlarini niqob bilan yashirgan, armatura va pirotexnika vositalari bilan qurollangan katta guruh RN 141 trassasida barrikada o‘rnatgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun tartibsizliklar sodir bo‘lgan hududda pistirma uyushtirildi. Ta’kidlanishicha, bir necha soat davomida huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarata pirotexnika otilgan, ularga molotov kokteyllari va toshlar, jumladan, yo‘l bo‘yida joylashgan uylarning derazalaridan otilgan. Bezorilarni tarqatib yuborish chog‘ida mustahkamlash bo‘linmalari tomonidan qo‘lbola granatyotlardan gaz va portlovchi granatalar, shuningdek, rezina snaryadlardan 240 dan ortiq o‘q uzildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklarda 50 dan 100 gacha bezori ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, bu hududda 14 iyul – Milliy bayramdan buyon tartibsizliklar avj olmoqda. 15 va 16 iyul kunlari polisiya mahalliy aholidan pirotexnika vositalari va yoqilg‘i solingan kanistrni olib qo‘ygan, shundan so‘ng ularga hujum qilingan. Shanba oqshomida boshlangan tartibsizliklar hozir bostirilganiga qaramay, hududda vaziyat keskinligicha qolmoqda, dedi nashrga huquq-tartibot idoralaridagi manba. Mahalliy polisiyani kuchaytirish uchun SRS 82 maxsus polisiya bo‘linmasi Limojga yuborildi.