Arab Ligasi Bosh kotibi: Isroil o‘z qo‘shinlarini Livandan butunlay olib chiqib ketishi kerak
Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abu Gayitning aytishicha, tashkilot Isroilning Livan hududidan butunlay chiqib ketishi masalasida Livan bilan bir tarafda turibdi.
Livanning rasmiy axborot agentligi NNA xabariga ko‘ra, Abu Gayit poytaxt Beyrutda bo‘lib o‘tgan Arab media forumining ochilishida nutq so‘zlagan.
Uning ta’kidlashicha, Isroil 2024 yil noyabrda tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzgan holda, Livanda ichki nizo va bo‘linish urug‘ini sochish maqsadida muntazam ravishda hujumlar amalga oshirmoqda.
Abu Gayit Livan xalqiga qo‘llab-quvvatlov bildirib, shunday dedi:
“Arab Ligasi Isroilning Livan hududidan to‘liq chiqib ketishga erishishdagi qat’iyatingizni qo‘llab-quvvatlaydi va BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyusiyasi to‘liq bajarilishini talab qiladi.”
U qo‘shimcha qildi:
“Isroil porah va qon bilan yangi Yaqin Sharqni yaratmoqda deb o‘ylashi mumkin, ammo bu hech qachon amalga oshmaydi.”
Shuningdek, u Livanda davlat qo‘lida qurol jamlanishi masalasiga ham to‘xtalib, shunday dedi:
“Livan armiyasi hukumatning qurol-yarog‘ni faqat davlat qo‘lida saqlash haqidagi qarorini amalga oshirish uchun yetarli kuch va qat’iyatga ega.”
