AQShning Ukrainadagi diplomatik missiyasi rahbari Tramp tufayli lavozimini tark etmoqchi
Qo‘shma Shtatlarning Kiyevdagi muvaqqat ishlar vakili Juli Devis yaqin haftalarda Ukrainani tark etadi, deb yozmoqda Financial Times nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunga uning Oq uyga qaytgach Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgan prezident Donald Tramp bilan kelishmovchiliklari sabab bo‘lgan. Devis o‘z qarori haqida AQSh Davlat departamentini allaqachon xabardor qilgan, deydi nashr manbalari.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, diplomat o‘zining o‘ttiz yillik faoliyatini yakunlashni rejalashtirmoqda. Davlat departamenti esa muvaqqat ishlar vakilining Tramp bilan kelishmovchilik tufayli Kiyevni tark etayotgani haqidagi xabarlarni "yolg‘on" deb atadi.
"U 2026 yil iyun oyida Kiyevni rasman tark etib, departamentdan iste’foga chiqquniga qadar prezident Tramp siyosatini faxr bilan amalga oshirishda davom etadi", — deydi Davlat departamenti spikeri.
Devisning ketishi "Moskva yozgi hujumga tayyorlanayotgan, tinchlik muzokaralari esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir paytda" Ukrainadagi muhim diplomatik post bo‘sh qolishini anglatadi, deb qayd etmoqda FT.
2021 yilda Devis AQShning Belarusdagi elchisi etib tayinlangan edi, biroq rasmiy Minsk diplomatning Belarus muxolifati vakillari bilan aloqada ekanini vaj qilib, uni qabul qilmagan. U Kiyevdagi vazifasini bajarishga 2025 yil may oyida, Jo Bayden tomonidan Qo‘shma Shtatlarning Ukrainadagi elchisi etib tayinlangan Brijit Brink iste’foga chiqqanidan keyin kirishgan edi.
Brink ketishidan oldin Trampning yangi ma’muriyati "eng boshidanoq tajovuzkor Rossiyaga emas, balki qurbon bo‘lgan Ukrainaga bosim o‘tkazganini" aytgandi. 2019 yilda AQShning Ukrainadagi elchisi lavozimidan Mari Yovanovich ketgan edi. Keyinchalik u o‘sha paytda birinchi prezidentlik muddatini o‘tayotgan Tramp uning iste’fosiga shaxsan erishganini da’vo qilgan. Yovanovich Kongressdagi Tramp impichmenti bo‘yicha eshituvlarda asosiy guvohlardan biri bo‘lgan, deyiladi maqolada.
