Gvardiolaning rejalari buzilib ketdi
APL taqvimidagi o‘zgarishlar «Manchester Siti»ning g‘azabini qo‘zitib yubordi.
Bugun Premyer-liga ayrim o‘yinlar jadvalini o‘zgartirdi. Endilikda «Manchester Siti»ning APL va Angliya Kubogidagi taqvimi quyidagicha ko‘rinish oldi:
-
4 may: «Everton» (safarda);
-
9 may: «Brentford» (uyda);
-
13 may: «Kristal Pelas» (uyda);
-
16 may: «Chelsi» (Angliya Kubogi finali, «Uembli»);
-
19 may: «Bornmut» (safarda);
-
24 may: «Aston Villa» (uyda).
Shunday qilib, 13 maydan 19 maygacha bo‘lgan muddatda Pep Gvardiola jamoasi yetti kun ichida uchta o‘yinda maydonga tushishiga to‘g‘ri keladi.
The Times va boshqa ingliz OAVlarining xabariga ko‘ra, «Manchester Siti» bu o‘zgarishlardan so‘ng «juda qattiq g‘azablangan». «Shaharliklar» taqvim bo‘yicha o‘z takliflarini kiritishgan edi, biroq APL ularni rad etdi.
«Manchester Siti» rahbariyatining hisoblashicha, APL taqvim tuzishning o‘z tamoyillariga amal qilmagan va bu holat «Arsenal» bilan bo‘layotgan chempionlik poygasiga ta’sir qilishi mumkin.
Shuningdek, klub «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinning ertaroq muddatga ko‘chirilmaganidan norozi, vaholanki APL bu bahsni ko‘chirish zarurligini fevral oyidan beri bilar edi. «Manchester Siti» «Bornmut» bilan o‘yinni (tasdiqlangan 19 may o‘rniga) 12 mayda, «Kristal Pelas» bilan bahsni esa (tasdiqlangan 13 may o‘rniga) yo 19 may, yoki 21 mayda o‘tkazishni taklif qilgandi.
