AQSh vizasiz rejimni bekor qilish bilan tahdid qilib, YEI fuqarolarining biometrik ma’lumotlarini talab qildi
Bu haqda DW xabar bermoqda.
Gap "Enhanced Border Security Partnership" (Chegara xavfsizligi bo‘yicha kengaytirilgan sheriklik) dasturi haqida ketmoqda. Vashington ushbu dasturda ishtirok etishni Qo‘shma Shtatlarda 90 kungacha vizasiz qolish imkonini beruvchi dasturda Visa Waiver Program'ni istovchi davlatlar uchun majburiy shart qilib qo‘ydi.
Tanqidchilarning fikricha, endilikda nafaqat Yevropada hibsga olinganlar, balki shunchaki polisiya bazasiga tushib qolgan shaxslarning ham AQShga kirishi taqiqlanishi mumkin. Yevrokomissiya Vashington bu boradagi kelishuvni tayyorlash uchun yakuniy muddat sifatida 2026 yil 31 dekabrni belgilaganini tasdiqladi. Bu shartni bajarmaslik yevropaliklar uchun vizasiz rejimning yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Ekspertlarning fikricha, bu shart sheriklikdan ko‘ra ko‘proq bosim o‘tkazishga o‘xshaydi.
"Biz buni ochiqchasiga tovlamachilik deb baholaymiz", — dedi Niderlandiyadagi Yevroparlament deputati Rakel Garsiya Ermida-van der Valle. U Yevrokomissiyani ushbu kelishuv ustida ishlashni to‘xtatishga chaqirayotgan qonun chiqaruvchilar guruhiga kiradi. Aynan qaysi turdagi ma’lumotlar almashinishi mumkin? Polisiya ma’lumotlar bazalarida ko‘pincha barmoq izlari va yuz tasvirlari mavjud bo‘ladi.
"Agar siz polisiya bazasida bo‘lsangiz, bu hali sudlanganingizni anglatmaydi. Siz shunchaki gumonlanuvchi bo‘lishingiz mumkin", — dedi germaniyalik jurnalist va huquq himoyachisi Mattias Monroy. Shunday qilib, nafaqat jinoyatchilar, balki oddiy fuqarolar ham qiynchiliklarga uchrashlari mumkin.
"Evropa Ittifoqi davlatlari ham AQShdagi xuddi shunday ma’lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lishiga shubha bildirdi. Qo‘shma Shtatlarda Germaniyadagi kabi markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasi yo‘q. Bu kelishuv ikki tomonlama ishlamasligining yaqqol belgisidir. Bundan tashqari, bu kelishuv tuzilsa, AQSh ushbu ma’lumotlardan migrantlarni ovlash uchun foydalanishi mumkin. Men buni fashistik tizim deb atagan bo‘lardim", — deya ta’kidladi Monroy.
