Isroil Livan hududini bosib olish niyati yo‘qligini bildirdi
Shunga qaramay, Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) 28 aprel kuni Livan janubidagi 10 dan ortiq shahar va qishloq aholisini evakuasiya qilish bo‘yicha yangi ogohlantirishlarni e’lon qildi.
"Isroilning Livanga nisbatan hududiy da’volari yo‘q. Bizning u yerdagi ishtirokimiz faqat bir maqsadga — fuqarolarimizni himoya qilishga xizmat qiladi", — dedi Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hech bir davlat “o‘z boshiga qurol o‘qtalgan holda” yashashga rozi bo‘lmaydi. Hozirda Isroil harbiylari Livanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhiga qarshi amaliyotlarni davom ettirmoqda.
"Agar “Hizbulloh” va Falastin “terrorchi” guruhlari qurolsizlantirilsa, Isroil bu hududlarda qolishga ehtiyoj sezmaydi", — deya qo‘shimcha qildi Saar.
Isroil harbiylari 28 aprel kuni 10 dan ortiq qishloq va shahar aholisiga zudlik bilan shimolga qarab ketishni buyurdi. Isroil armiyasi matbuot kotibi Avichay Adray X ijtimoiy tarmog‘ida xavfsizlik nuqtayi nazaridan odamlarni uylarini tark etib, Sayda tumaniga ko‘chishga chaqirdi.
Ogohlantirishdan ko‘p o‘tmay, Livan davlat ommaviy axborot vositalari janubiy hududlar bo‘ylab havo hujumlari uyushtirilganini ma’lum qildi.
